O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida 2024-yil boshidan beri 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar qildi.

Konsullik qo‘lga olinganlarning ism-familiyalaridagi bosh harflarni keltirdi, ular uyushgan jinoiy guruhlar, giyohvand moddalar kontrabandasi, talonchilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

Ularning ichida OAVda xabar qilingan O‘zbekiston fuqarosi N.M. ham bo‘lib, xalqaro odam savdosi jinoyati doirasida Turkiyaning Chanakkale viloyati hududida qo‘lga olingan, deyiladi xabarda.

Idora har bir holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.

Bosh konsulxona, o‘z navbatida, jinoyatchilarga jazo muqarrar ekanini eslatib, fuqarolardan qonunlarga amal qilishni, firibgarlarga aldanmaslikni va o‘zlarini ehtiyot qilishlarini so‘radi.