O‘zbekistonda 9 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi a’zosi 6,5 yilga qamaldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Abduhodiy Abdurahmonov 2010—2012-yillarda Rossiyada ishlab yurgan vaqtda mazkur diniy oqim ta’siriga tushib, uning a’zosi bo‘lgan. Farg‘ona shahrida akasi va bir qator shaxslardan iborat oqimning “jamoati”ni tashkil qilgan.

Uning yig‘ilishlarida faol ishtirok etib, ularda “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tarafdorlari hamda boshqa diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalar, video va roliklar muhokama qilingan, deyiladi xabarda.

U 2023-yil mart oyida Turkiya politsiyasi tomonidan diniy oqim a’zosi sifatida qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Unga sud hukmi bilan 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.