Noyabr oyi O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillarida eng issiq noyabr oyi reytingida birinchi o‘rinni egalladi, dekabr oyida esa harorat beqaror bo‘ldi, deya xabar qildi “O‘zgidromet”.

Qayd etilishicha, dekabr oyining boshida va uchinchi o‘n kunlikning o‘rtalarida havo harorati +18…+23 daraja iliqqacha, janubda +24…+26 daraja iliqqacha ko‘tarildi. 12−14-dekabr kunlari davrida esa respublika hududiga Arktika hududlaridan sovuq to‘lqin kirib keldi. Kechalari havo harorati −16…−21 darajagacha, shimolda ba’zi joylarda −22…−25 darajagacha pasaydi.

Sovuq ob-havo kunduz kunlari ham saqlanib turdi, havo harorati −7…−12 daraja sovuq, shimolda −15…−17 daraja sovuq atrofida bo‘ldi.

Sovuq Samarqand viloyatiga biroz va Qashqadaryo viloyatlariga, shuningdek, Farg‘ona vodiysi hududiga qisman ta’sir ko‘rsatdi, havo harorati kechalari −6…−11 darajagacha, kunduz kunlari 0…-4 darajagacha pasaydi. Respublikaning eng chekka janubiy hududlariga sovuq deyarli ta’sir ko‘rsatmadi.

Keskin sovuqqa sabab bo‘lgan sovuq antitsiklon O‘zbekiston hududini tezda tark etdi. Qattiq sovuqlar 2−3 kun davom etdi, so‘ng havo harorati dekabr oyi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga qaytdi.

Respublika hududining katta qismida kunduzgi eng yuqori va eng past harorat o‘rtasidagi farq 30−35 darajani tashkil etdi. Shunday qilib, Toshkentda 4−6-dekabr va 23−25-dekabr kunlari kunduzgi havo harorati +19…+22 darajagacha ko‘tarildi, 12−13-dekabr kunlari esa −5…−8 darajagacha pasaydi.

dekabr, иқлим, noyabr, ob-havo

Meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida dekabr oyida bundan ham past havo harorat kuzatilgan. Bu oyda minimal haroratning mutlaq qiymatlari −22…−27 daraja, ba’zi joylarda −29…−32 darajani tashkil etadi.

So‘nggi 30 yil ichida haroratning eng past qiymatlari 2012-yil dekabr oyida qayd etilgandi, barcha joylarda ular 2023-yil dekabr oyiga nisbatan pastroq bo‘ldi.

Biroq, 2023-yil 13-dekabr kuni Toshkentda dekabr oyining minimal harorati -15,9 daraja sovuq qayd etilgan, bu so‘nggi o‘ttiz yil ichida eng past harorat bo‘ldi. Ikkinchi o‘n kunlikda sovuq to‘lqin sezilarli darajada bo‘lishiga qaramay, dekabr oyining o‘rtacha oylik harorati me’yoriy qiymatlardan 1,5−2 darajaga, janubda 2,5−3 darajaga yuqori bo‘ldi.

2023-yil dekabr oyi quruq bo‘ldi. Hududning katta qismida yog‘ingarchilik dekabr oyning oylik me’yorning yarmidan kam bo‘ldi. Faqat Toshkent va Namangan viloyatlarining ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorga yaqin bo‘ldi.

Tekislik hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir ko‘rinishida yog‘di. 11−12-dekabr kunlari yomg‘ir qorga aylandi va respublika bo‘yicha ba’zi joylarda balandligi 1−5 sm, Toshkent viloyatida 9−11 sm gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘ldi. Yomg‘ir qorga aylanishi oy oxirida ham kuzatildi, ammo bunda qor qoplami hosil bo‘lmadi.

Tog‘li hududlarda qor qoplamining balandligi oy oxiriga me’yordan 30 foizdan 75 foizgachani, Toshkent viloyatining ayrim tog‘li hududlarida 100−110 foizgachani tashkil etdi.