O‘zbekistonning davlat ahamiyatiga molik tabiiy obyektlari, shu jumladan, noyob ekotizimlar, biologik xilma-xillik turlari, suv havzalari va tabiiy landshaftlar xatlovdan o‘tkazildi, buning natijasida milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxati shakllantirildi va tasdiqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, loyiha O‘zbekiston prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq amalga oshirildi.

Ta’kidlanishicha, olib borilgan o‘rganishlar ko‘lami ko‘p yillik qimmatbaho va noyob daraxt va archazorlarni, to‘qayzorlarni, daryolar, tabiiy ko‘llar va buloqlarni, soylar va sharsharalarni, shuningdek, tabiiy geologik tuzilmalarni, ya’ni daralar va qoyalarni, tog‘-toshlar, muzliklar, botqoqliklarni, cho‘llar va barxanlarni, o‘simlik va hayvonlarning muhim o‘sish hamda yashash areallarini, tabiiy landshaft va muhim ornitologik hududlarni, shu bilan birga, davlat muhofazasida bo‘lgan qo‘riqxonalarni, tabiiy bog‘larni o‘z ichiga qamrab oldi.

Milliy tabiiy meros obyektlari O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq, xususiyatlariga ko‘ra biologik, gidrologik, geologik va paleontologik tabiiy meros obyektlariga ajratilib tasniflandi. Xususan, olib borilgan tadqiqotlar natijasi o‘laroq vazirlik mutaxassislari tomonidan jami 177 ta obyekt (qo‘riqxona va milliy tabiat bog‘lari bilan birgalikda) Milliy tabiiy meros obyektlari sifatida tanlandi. Ular orasida:

  • daraxtzor, archazor, to‘qayzor va tabiiy maskanlardan iborat 16 ta obyekt;
  • 50 ta buloq, 14 ta ko‘l, 3 ta daryo, 10 ta sharshara, 4 ta soy va Orol dengizini o‘z ichiga olgan 82 ta gidrologik obyekt;
  • 10 ta g‘or, 5 ta dara, 10 ta tog‘, qoya va toshlar, 6 ta cho‘l, qumlik va barxanlardan tarkib topgan 31 ta geologik obyekt;
  • “Dinozavr izi” tabiiy maskani paleontologik obyekti o‘rin oldi.

Shu bilan birga respublika hududidagi 7 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi va 13 ta buyurtma qo‘riqxonasi hamda 13 ta milliy tabiat bog‘i va 11 ta tabiat yodgorligi Milliy tabiiy meros obyektlari safiga kirdi.

Shu o‘rinda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan transchegaraviy tabiiy obyektlar — G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i (2016-yil) va Mo‘’tadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi, 2023-yil) hamda YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilgan Chotqol biosfera qo‘riqxonasi (1978-yil) va Quyi Amudaryo biosfera qo‘riqxonasi (2021-yil) ham Milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxatida o‘z ifodasini topdi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo‘lgan suvli-botqoq joylar to‘g‘risidagi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kirgan Dengizko‘l (2002-yil), Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2008-yil), To‘dako‘l tabiiy suv havzasi va Quyimozor suv ombori (2008-yil) hamda Sudoche ko‘li (2023-yil) ro‘yxatdan o‘rin oldi.

Mazkur tabiiy meros obyektlari nominatsiyalarini Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), YUNESKO va FAO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari doirasida xalqaro ro‘yxatlarga taqdim etishga oid tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan.