Qashqadaryoda ekstremistik mazmundagi g‘oyalarni targ‘ib qilgan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi, deya xabar qilmoqda Davlat xavfsizligi xizmati.

Qayd etilishicha, Qamashi tumanida yashovchi 21 yoshli fuqaro 2018−2023-yillar davomida doimiy yashash manzilida bo‘lishi hamda 2022-yilning iyul-noyabr oylarida Qozog‘istonning Olmaota shahrida mavsumiy ishlashi davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi audio-video ma’ruzalarini tinglab, tomosha qilgan.

Oqibatda u Telegram messendjerida 11 ta kanal ochib, ekstremistik mazmundagi g‘oyalarni targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan. Hatto unda Suriyaga borib, “jihod” qilish istagi paydo bo‘lgan va ayni shu maqsadda ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zgalardan kerakli maslahatlarni olgan.

Bu orada farzandining nojo‘ya harakatlaridan xabar topgan ota-onasining ogohlantirishlariga qaramasdan, u o‘z maqsadidan qaytmagan va ishini davom ettirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan terrorizm va ektremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilib, uning Suriyaga ketishining oldi olindi hamda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi hukmiga ko‘ra, mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandida (Xizmat mavqeyidan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.