Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi bolaga turli shakldagi qiynash, uning hayoti va sog‘lig‘ini xavfga soluvchi harakatlar qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova holat yuzasidan munosabat bildirarkan, bunday g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lgan, bolaning otasi deb aytilayotgan shaxs Jizzax shahrida yashovchi A.B. ekanini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan bolaning onasi IIBga murojaat qilgan. 20-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash), 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabarda aytilishicha, bolalar ombudsmani bunday shaxslarga qonun doirasidagi javobgarlik qat’iy ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi.