27-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosining “Chilonzor” bekatida shaxsi noma’lum ayol o‘zini metro yo‘liga tashlagani aks etgan video tarqaldi. Unda huquq-tartibot xodimlari ayol kishini poyezd yo‘li bo‘ylab olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, videodagi ayolning tobi qochib, metro yo‘liga yiqilib tushgan.

“Bekatda faoliyat olib borayotgan xodimlar tomonidan tezkor ko‘rilgan chora tadbirlar sabab yo‘lovchi hech qanday tan jarohatlarsiz, xavfsiz tarzda platformaga olib chiqilgan hamda unga birinchi yordam ko‘rsatilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Alisher Navoiy” metro bekatida poytaxtdagi OTMlardan birida o‘qiydigan 18 yoshli talaba qiz poyezd yaqinlashib kelayotgan vaqtda o‘zini rels ustiga tashlagandi. Mashinist poyezdni to‘xtata olgan, IIO xodimlari qizni platforma ustiga olib chiqishgan va qiz jarohat olmagan.