Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador bo‘lgan bandlar chiqarilmoqda.

“Chunki, amaliyotda ushbu tartib Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan buyruqni qabul qilishini nazarda tutadi. Bu esa bir muddat vaqtni talab qiladi. Ushbu vaqt davomida dori vositalarining o‘ramida va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomasida retseptsiz berilishi ko‘rsatilganligiga qaramasdan ular Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilguniga qadar ularni qo‘llash tartibi mavhum bo‘lib qolmoqda”, — deyildi majlisda.

Bunda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ekspertlar kengashi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida bir oyda kamida 2 marta yig‘ilish o‘tkazilishi inobatga olinsa, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini shuncha marta yangilash va Adliya vazirligidan o‘tkazish zarur bo‘lmoqda.

Qonun loyihasi bilan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlanmoqda. Natijada dori vositalari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi chog‘ida “Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom” asosida uning retseptsiz yoki retsept asosida berilishiga oid toifasi aniqlanadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan dori vositasi avtomatik shakllantirilib boriladigan ro‘yxatda qayd etilib, ochiq veb-saytda joylashtiriladi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida dori moddalari (substansiyalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilmoqda. Bunga sabab sifatida bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qo‘yilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgani keltirilgan.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.