25-dekabr kuni Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida mahkum o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

Unda mahkum choyshabdan sirtmoq yasab, kamera derazasiga o‘rnatilgan temir panjaraga o‘zini osgani haqidagi xabar bo‘yicha ma’lumotlar so‘rab olingani aytiladi.

Aniqlanishicha, 24 yoshli mahkum F.Q. Samarqand viloyati Toyloq tumani sudining 2021-yil 10-noyabrdagi hukmiga kura, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) va 60-moddasi (Bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan 14 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ombudsmanga taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, marhum muqaddam ruhiyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklarga moyilligi bo‘lgan mahkumlar ro‘yxatida turgan, jazo muddatini o‘tashi davomida 23-sonli mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaning psixiatriya bo‘limida 2 marotaba davolangan.

“Marhumning oila a’zolari uning jazo muddatini o‘tashi davomida qisqa va uzoq muddatli uchrashuvga kelmagani, faqatgina mahkum F.Q. ular bilan 6 marotaba telefon orqali suhbatlashgani aniqlandi”, — deyiladi ombudsman bayonotida.

Marhumning “noodatiy xatti-harakatlari” sababli muassasadagi boshqa mahkumlar u bilan bir kamerada o‘tirishni istamagani sababli F.Q. 2023-yil 24-dekabrdan buyon alohida saqlangani qo‘shimcha qilindi.

Holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.