“O‘zgidromet” xizmati agentligi 25−29-dekabr kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

25-dekabr kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunning ikkinchi yarmida havo +18…+23 daraja iliqqacha isiydi. Bu dekabr oyining oxirgi haftasi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 10−12 darajaga yuqoridir.

Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, harorat +8…+13 daraja iliqqacha pasayadi. Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechga tomon biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

26−27-dekabr kunlari nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. 26-dekabrda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha, 27-dekabrda markaziy viloyatlar va Farg‘ona vodiysi bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, shimolda qorga aylanishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘ladi. Havo harorati kechalari +2…+7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 8…+13 daraja iliqqacha, shimolda kechalari 0…-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari +3…+8 daraja iliqqacha pasayadi.

28-dekabrda O‘zbekiston bo‘yicha ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi va harorat biroz ko‘tarilishi kutilmoqda, 29-dekabr kuni esa sovuq havoning yana bir qismi respublika hududiga kirib keladi. Respublikaning barcha hududlarida yomg‘ir yog‘ishi va harorat kunduz kuni +5…+10 daraja iliqqacha pasayishi kutilmoqda. Shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi.

Ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

Poytaxtida 25 va 28-dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 26−27 va 29-dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Bugun kunduzi harorat +21…+23 daraja iliq bo‘ladi. 26−27-dekabrda harorat kechalari +3…+6 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +8…+11 daraja iliqqacha pasayadi.

28-dekabrda kunduzi harorat +13…+16 daraja iliqqacha ko‘tariladi. 29-dekabrda harorat +5…+8 daraja iliqqacha pasayadi. 26−27 va 29-dekabr kunlari shamol tezligi 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin.