Navoiy viloyati Tomdi tumani hokimi Kayrat Aldabergenov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqdagi qarorni 22-dekabr kuni viloyat hokimi Normat Tursunov imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, uning ishdan bo‘shatilishiga hokimning arizasi asos bo‘lgan.

Shanba kuni hokimning qarori xalq deputatlari tuman kengashi tomonidan ma’qullandi.

Hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Orzumurod Umarov Tomdi tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Kayrat Aldabergenov 1966-yilda viloyatning Nurota tumanida tug‘ilgan. Uzoq yillar davomida soliq organlarida ishlagan. 2009-yil 27-dekabrdan boshlab 14 yil davomida Tomdi tumanini boshqargan. 2014-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021-yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.