Davlat soliq qo‘mitasining jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi rahbari, matbuot kotibi Dildora Xashimova “Gazeta.uz” muxbiriga Yandex Go va O‘zbekistondagi onlayn taksi xizmatlarini taqdim etuvchi kompaniyalar faoliyati yuzasidan intervyu berdi. Intervyu davomida nima uchun Yandex Go xizmati bugungi kunga kelibgina soliq rezidenti bo‘lgan kompaniya tomonidan taqdim etila boshlagani, Yandex`ning boshqa korxonalardan farqi, O‘zbekistondagi yo‘lovchi tashish faoliyati haqidagi savollarga javob berildi.

Skrin: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiSkrin: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

— Nima uchun Yandex Go O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida faqat shu kunga kelibgina ro‘yxatdan o‘tdi? Kompaniya faoliyati shu kungacha soliq nuqtai nazaridan qanday amalga oshirilgan?

— Yandex Go xizmati O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lgunga qadar xorijiy kompaniya sifatida ishlagan, ya’ni biz uchun import xizmat hisoblangan. Ridetech International B.V. xorijiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Yandex platformasidan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar, ya’ni Ridetech International B.V.`ning O‘zbekistondagi hamkorlari xizmat ko‘rsatish uchun foydalangan.

Soliq qonunchiligiga ko‘ra, soliq to‘lovchi soliqlarni yoki o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisoblab chiqadi va to‘laydi, yoki bu majburiyat soliq agentlariga yuklatiladi. Yandex Go xizmatida ikkinchi holat bo‘lgan. Chet el kompaniyasidan import qilingan xizmatlarga O‘zbekistondagi yuridik shaxslar — taksoparklar import xizmatidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lagan, ayrim holatlarda foyda solig‘ini ham to‘lagan. Chunki bu yerda imtiyoz qo‘llaniladigan va qo‘llanilmaydigan joylari bor. O‘sha holatlardan kelib chiqib, ichida ozgina foyda solig‘i bo‘lishi ham mumkin. Lekin asosiy qismi import xizmati uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lgan va biz bu to‘langan soliqlar miqdorini e’lon ham qildik: 25,3 mlrd so‘mga yaqin.

Yandex bu yo‘lovchi tashish xizmati, yetkazib berish xizmati kabi turli xizmatlarni ichiga oluvchi elektron platforma hisoblanadi. Ushbu platformadan foydalanuvchilar va ularga bu foydalanish huquqini beruvchilar mavjud. O‘sha huquqni berish uchun Yandex Go xizmati O‘zbekistondagi yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzib, ishlagan. Hozirda bizda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanadi, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmay bu faoliyat bilan shug‘ullanadiganlar ham ko‘p.

Avvallari taksi faoliyati bilan qonuniy ro‘yxatdan o‘tib, shug‘ullanish uchun soliq to‘lanardi. Taksi haydovchilari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida, yoki yuridik shaxsning (taksopark) ishchisi sifatida ishlar edi. Lekin qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi va taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarga daromad solig‘idan imtiyoz berish maqsadida bu faoliyat turi ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari qatoriga kiritildi. Bundan maqsad rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarni rasmiy daromadga ega bo‘lishini ta’minlash edi.

Bu imkoniyat yaratilgandan keyin ayrim fuqarolar rasmiy ro‘yxatdan o‘tib ishlashni boshladi, lekin hozirgi kungacha ham rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan mazkur faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotganlar ham bor. Ularga nima uchun soliq organi chora ko‘rmaydi degan savol tug‘ilishi mumkin? Soliq organining har bir taksini to‘xtatib, ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganini tekshirish imkoniyati yo‘q.

Hozirda soliq organlarining asosiy ishlash yo‘nalishi chora ko‘rish emas, ko‘mak berish. Davlatimiz rahbari tomonidan soliq organlariga qaysi yo‘nalishda ishlashi kerakligi belgilab berilgan. Maqsadimiz — qonuniy faoliyat ko‘rsatmayotganlarni aniqlab, ularni qonuniy faoliyat ko‘rsatishga olib kirish. Bu yerda daromad solig‘i bo‘lmagani sababli davlatga katta zarar yetyapti, yoki buni keskin to‘xtatish kerak degan masala yo‘q. Lekin bozorda barcha o‘z faoliyatini qonuniy tarzda olib borishi kerak.

Shu o‘rinda soliq organining katta “plyusi” sifatida bir narsani aytib o‘tishim kerak. 1-dekabrdan o‘z faoliyatini soliq rezidenti sifatida davom ettirishga o‘tganidan keyin Yandex Go xizmati bilan olib borilgan muzokaralarda biz soliq organi sifatida “Yandex Go platformasidan foydalanadiganlarga talab qo‘yasan, u qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan yoki yo‘qligini so‘raysan”, deb shart qo‘ya oldik.

Avvallari bu soliq to‘lovchi xorijiy kompaniya bo‘lgani uchun bunday talabni qo‘ya olmasdik. Sababi ular xorijda belgilangan talablarga asosan faoliyat ko‘rsatadi. Bizdagi taksoparklar, ya’ni o‘sha xizmatni import qilayotganlar platformaning egasi bo‘lmagani uchun unga talab qo‘ya olmasdi.

Lekin taksoparklar [haydovchilarga] “biz senga shu xizmatni taklif etyapmiz, faoliyatingni qonuniylashtir”, deyishi kerak edi. Hozir bu jarayon boshlangan. Yandex`ni soliq rezidenti qilganimizdan keyin, O‘zbekiston soliq ma’lumotlar bazasiga to‘liq integratsiya qilganimizdan keyin endigi talablar ham bosqichma-bosqich qo‘yilmoqda. Hali hal qilishimiz kerak bo‘lgan masalalarimiz turibdi, barchasini ketma-ketlikda bajaramiz.

Avvallari siz uyda o‘tirib taksi chaqira olmasdingiz. Sovuq kunmi, jazirama issiqmi, sizda chiqish imkoniyati bor yoki yo‘qmi, agar mahallaning ichida tursangiz ko‘chaning boshiga chiqishingizga to‘g‘ri kelar edi. Hozir qaysidir ishingizni qilib turgan vaqtingizning o‘zida o‘sha platformadan taksi chaqirib, haydovchi kim ekani, uning telefon raqami kabi barcha ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.

Bizning asosiy vazifamiz bu xizmatni o‘chirib qo‘yish emasdi. Qonuniy ishlamayotgani uchun o‘chirib qo‘yish degan masala oldimizda turgan emasdi. Biz uni qonuniylashtirib, O‘zbekistonga yana bir yirik soliq to‘lovchini olib kirishimiz kerak edi. Hozir ular aniq yirik soliq to‘lovchi bo‘ladi deb aytolmayman, chunki bunday turdagi soliq to‘lovchi bo‘lish uchun belgilangan mezonlar bor, ular mos tushadigan mezonlardan biri bu — aylanmasi soliq davrida 100 mlrd so‘mdan oshishi kerakligi sanaladi. Biz bu faoliyatni har bir yo‘nalishi bo‘yicha qonuniylashtirishimiz kerak edi. Sababi yo‘nalishlar bitta emas, integratsiya masalasi bo‘ladimi, soliqqa tortish masalasimi yoki fiskallashtirishmi, har bir yo‘nalish qaysi tartibda ishlashini aniqlab, qonuniylashtirishimiz kerak edi.

Hozir ko‘p jarayonlar yakunlangan, lekin yana ba’zi masalalar mavjud, ular yakunlanish bosqichida.

Yandex Go`ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘chirib qo‘yganimizda bizni nima kutar edi? Xalqni ushbu xizmatdan foydalanishdan bir kunning o‘zida cheklab qo‘yish, xizmatni yo‘q qilish, bundan tashqari rasmiy yoki norasmiy daromadga ega bo‘layotgan fuqarolarni daromadlaridan cheklash kutardi. Bu esa o‘z navbatida katta e’tirozlarni keltirib chiqarardi. Shuning uchun, bizning maqsadimiz “soliqchi-ko‘makchi” tamoyilini davom ettirgan holda kompaniya bilan hamkorlik olib borib, kelishib, barcha jarayonlarni qonuniylashtirish edi.

Bundan nima yutamiz? Bir tomondan, ushbu xizmat mavjud bo‘ladi, foydalanuvchilar qulay xizmatdan foydalanadi, daromad oluvchilar daromadini olishda davom etadi. Shuningdek, ushbu faoliyat qonuniylashib, davlat budjetiga soliqlar kelib tushadi. Biz qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishga erishdik, buni o‘zimiz uchun katta yutuq deb hisoblaymiz. Hech qanday uzilishlarsiz bu narsaga erishdik.

Bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar faqat bitta emas, agar nomi chiqqanlarini sanasak, MyTaxi bor, Uklon bor, bundan tashqari, hududlarda taksi xizmati bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab kichik yoki yirik kompaniyalar bor. Eng ko‘p buyurtma beriladigan xizmat Yandex Go bo‘lgani va bu kompaniyaning o‘zi ham soliq organlari bilan integratsiya masalasida ishlagani sababli biz bu kompaniya bilan mazkur yo‘nalishda ishladik. Bundan tashqari, parallel ravishda MyTaxi bilan ham, Uklon bilan ham ishladik.

-Yandex haqidagi e’tirozlar bir necha yildan buyon yangrab keladi. Nima uchun kompaniyaning soliq rezidentiga aylanishi bugungi kunga kelibgina ro‘y berdi? Nima uchun oldinroq emas?

— Qonunchilikka yo‘lovchi tashish platformalari soliq ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishi kerakligi 5108-sonli prezident qarori bilan 2021-yil sentabr oyidan kirdi. Buni inobatga olishimiz kerak. Shuningdek, bu xorijiy kompaniya hisoblanadi va davlatlararo shartnomalar mavjud. Shu shartnomalarga asosan ham, kompaniya O‘zbekistonda rezidentga aylanib, soliqlarni to‘lashi uchun huquqiy bazamizni to‘g‘rilashimiz kerak edi.

Biz tashish xizmatini faqat O‘zbekiston rezidenti ko‘rsatadi, deganimiz yo‘q. Sababi, bu xizmatni platforma orqali import xizmati ko‘rinishida ham ko‘rsatish mumkin. Shuning uchun biz uni cheklolmasdik. Lekin tegishli yo‘nalishlarda ishlar olib borilgan.

Ushbu 3 yildan ortiq davrda mazkur faoliyat bilan shug‘ullanganlar, ya’ni bozor ichidagi barcha yuridik shaxslar, Yandex Go hamkorlari bo‘ladimi, Yandex Go`ning o‘zi bo‘ladimi, qaysi tartibda ishlagan-u, qaysi yo‘nalishlar soliqqa tortilgan yoki tortilmagani bo‘yicha ishlar ichkarida davom etyapti. Bu bo‘yicha hozir sizga aniq ma’lumotni berolmayman. O‘rganishlar tugaganidan keyin mazkur yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari qachon boshlangani va qanday natija bilan tugagani, qo‘shimcha soliqlar hisoblangani yoki hisoblanmagani bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilamiz.

Integratsiya jarayoni bir simni olib boshqa sim bilan ulab qo‘yish, degani emas. Bu yerda qonunchilik yoki texnik tarafdan qilinadigan juda ko‘p ishlar bor edi. Bu jarayonlar hozir ham davom etmoqda. Shu sababli ish jarayonini to‘xtatmasdan, unga xalal bermasdan, bosqichma-bosqich, to‘g‘ri kiritib olish uchun ma’lum vaqt ketdi va bunga erishdik, deb o‘ylaymiz.

1-dekabrdan boshlab birinchi bo‘lib shu Yaxdex Go`da fiskal cheklar shakllantirib berish boshlandi. MyTaxi va Uklon`da ham bu jarayon boshlanishi kerak, ular bilan ham integratsiya jarayoni yakunlangan.

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak: Soliq qo‘mitasining integratsiya jarayonidagi va fiskal ma’lumotlar bo‘yicha jarayonlardagi talablari Yandex Go uchun boshqacha, MyTaxi uchun boshqacha, Uklon uchun boshqacha emas. Barcha platformalar uchun integratsiya jarayoni bir xil.

Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha platformalar qonunchilikda belgilangan tartibda integratsiyani amalga oshirishi kerakligini ham ta’kidlab o‘tishim lozim. Ular ham fiskal ma’lumotlarni shakllantirishi shart. Bunga ham yetib boramiz. Eng katta bozor ishtirokchisi shular bo‘lgani uchun ishlar ham ulardan boshlandi.

Yandex Go soliqlarni to‘layaptimi? To‘lashni boshladimi? Qancha to‘layapti? Shu kabi savollarga ham javob berib o‘tishimiz kerak. Soliq qonunchiligida belgilangan tartibga asosan soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oydan boshlab o‘sha ro‘yxatdan o‘tgan oyidagi aylanmasi to‘g‘risidagi to‘liq hisobotlarni soliq organiga topshiradi va soliqlarni to‘laydi. Ro‘yxatdan o‘tgan oyidan boshlamaydi.

O‘zi Yandex Go ro‘yxatdan 1-dekabrda o‘tmagan, xizmatlarni mavjud yuridik shaxs nomidan ko‘rsatishni boshlagan (YandexGo UB nazarda tutilmoqda, u 2022-yil 12-aprelda ro‘yxatdan o‘tgan). Soliq organi ham o‘z ma’lumotida “ro‘yxatdan o‘tdi” demadi. 2023-yil 1-dekabrdan o‘z faoliyatini YandexGo UB soliq rezidenti sifatida davom ettiradi, degan ma’lumot berdi.

Bunga asos qilib cheklar Ridetech International B.V. nomidan emas, YandexGo UB nomidan berila boshlaganini keltirishimiz mumkin. Ridetech International B.V.ning “faoliyatimizni shu kompaniya nomidan davom ettiramiz”, degan xati ham mavjud.

— Qo‘mita uchun Yandex Go`ning boshqa kompaniyalardan prinsipial farqi bormi?

— Yo‘q. Soliq tizimi uchun soliq to‘lovchilar mavjud. Barcha soliq to‘lovchilar uchun bir xil sharoit mavjud, barcha soliq to‘lovchilar O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan soliqlarni to‘laydi, agar davlatlararo shartnomalarda ko‘rsatilgan boshqa talablar bo‘lmasa. (Davlat soliq qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, Soliq kodeksining 255-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining hududi realizatsiya qilish joyi bo‘lgan xizmatlar soliq to‘lovchilar sifatida soliq organlarida hisobda turmagan chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq agentlari tomonidan ushbu xizmatlarni soliq hisobga olingan holda realizatsiya qilishdan olingan daromadning summasi sifatida aniqlanadi.

Shuningdek, kodeksning 351-moddasiga muvofiq, norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan va doimiy muassasa bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlaridan olinadigan soliq norezidentga daromad to‘lovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi. Soliq kodeksining 2-moddasida, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanilishi belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi va Niderlandiya Qirolligi o‘rtasida 2001-yil 18-oktabrda imzolangan “Daromad va foyda soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish, soliqlarni to‘lashdan qochish va bosh tortishni oldini olish to‘g‘risida”gi konvensiyaga muvofiq, royalti tarzidagi daromad uchun 0 foiz miqdorida stavka belgilangan.

Soliq kodeksining 23-moddasiga muvofiq, zimmasiga soliqlarni hisoblab chiqarish, soliq to‘lovchidan ushlab qolish va budjet tizimiga o‘tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladi.

Qayd etilganlarga asosan, “Yandex GO” bilan shartnoma tuzgan tashkilotlar tomonidan soliq agentlari sifatida 2018−2023-yillarda 25,3 mlrd.so‘m soliqlar budjetga hisoblangan. Soliq agentlari tomonidan mazkur davrda soliqlar to‘liq va to‘g‘ri hisoblanganligi bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda).

— Yandex Go qaysi turdagi soliqlarni to‘lashi kutilmoqda?

— Bizning hozirgi tahlillarimizga ko‘ra, yanvar oyida tanlagan rejimiga asosan u qo‘shilgan qiymat va foyda solig‘i to‘lovchisi bo‘ladi. Agar ishchilari bo‘lsa, ishchilaridan daromad solig‘ini ushlab qolib, budjetga o‘tkazuvchi soliq agenti ham bo‘ladi. Agar yer, mol-mulki bo‘ladigan bo‘lsa, resurs soliqlarini — yer, mol-mulk va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni to‘laydi. Agar dividend ko‘rinishidagi daromadlarni olsa, dividend solig‘i to‘lovchisi ham bo‘lib hisoblanadi.

— Uklon va MyTaxi qanday soliqlar to‘layapti?

— Uklon va MyTaxi ham soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va hozirgi kunda ular IT Park rezidenti bo‘lgani sababli soliqdan ozod etilgan. Agar Yandex Go`chi, deyiladigan bo‘lsa, soliq imtiyozidan foydalanish bu majburiyat emas huquq ekanini eslatishim kerak bo‘ladi. Soliq to‘lovchi istasa soliq imtiyozidan foydalanadi, istamasa yo‘q. Soliq organi soliq to‘lovchidan nima uchun berilgan imtiyozdan foydalanmayotganini so‘ramaydi. YandexGo UB MCHJ hali IT Park rezidenti emas va soliq imtiyozlari yo‘q.

Uklon va MyTaxi esa IT Park rezidenti sifatida barcha turdagi soliqlardan ozod etilgan. Faqat ishchilari uchun daromad solig‘ini pasaytirilgan stavkada qo‘llab, ushlab qoladi va budjetga o‘tkazadi.

— Uchala kompaniya uchun va bozorga bundan keyin kirishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar uchun ham teng sharoit mavjud deya olasizmi?

— Teng sharoit mavjud. Yuqorida aytib o‘tganimdek ular integratsiya qilishi kerak, ishchilarini ro‘yxatdan to‘g‘ri o‘tkazishi kerak, agar ular o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar bo‘lsa, ularga davlat ro‘yxatidan o‘tishi bo‘yicha talab qo‘yishi kerak. Barcha uchun talab bir xil.

— Ridetech International B.V. Soliq qo‘mitasiga jo‘natgan rasmiy xatning qanday yuridik kuchi bor? YandexGo UB va Ridetech International B.V. o‘rtasidagi vakolat va majburiyatlar aks etgan bitim Davlat soliq qo‘mitasida mavjudmi?

— Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilar bilan munosabatlarni yozma yoki elektron shakldagi xatlar orqali olib boradi. Shu vaqtgacha, ya’ni 3 yil ichida Yandex Go xizmati bo‘yicha faqat Ridetech International B.V. bilan aloqalar bo‘lgan va yozishmalar shu korxona bilan amalga oshirilgan.

So‘nggi marta ham Davlat soliq qo‘mitasi o‘z talablarini Ridetech International B.V.ga qo‘ygan, “O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lib ro‘yxatdan o‘tasan, axborot tizimlaringni integratsiya qilasan va fiskallashtirsan”, deb.

Mazkur korxona keyinchalik rasmiy xatida “Davlat soliq qo‘mitasining talablarini bajaramiz, 1-dekabrdan O‘zbekiston soliq rezidenti sifatida YandexGo UB nomidan faoliyatimizni davom ettiramiz, integratsiya jarayonini to‘liq yakunlaymiz va fiskal cheklarni berishni boshlaymiz”, deb ma’lum qilgan. Rasmiy ma’lumotda xatga asosan deganimizning sababi biz hali hisob-kitoblar YandexGo UB nomidan yuritilayotganini ko‘rmagandik.

Hozirgi payt haqida gapirsak, Yandex Go xizmati YandexGo UB nomidan amalga oshirilayotgani haqidagi hisob-kitoblar, faktlar shakllana boshladi.

— Demak hozir kimdir Yandex Go xizmatidan foydalansa, uning to‘lovi YandexGo UB hisobiga kelib tushyapti, shundaymi?

— Shunday. Hisobiga kelib tushish jarayonida ham qilishimiz kerak bo‘lgan ishlarimiz bor. Sababi shu vaqtgacha Ridetech International B.V. taksoparklarga xizmatdan foydalanish huquqini bergan va taksoparklar taksi haydovchilari bilan ishlagan. Bizning tahlillarimizga ko‘ra, hozir ham vaziyat xuddi shunday, YandexGo UB to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydovchilar bilan ishlayotgani yo‘q.

Kompaniya shartnomani taksoparklar bilan qilyapti, taksoparklar esa o‘zini o‘zi band qilgan yoki hali davlat ro‘yxatidan o‘tmagan fuqarolar bilan ishlayapti. Zanjirni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish uchun biz birinchi navbatda o‘sha o‘zini o‘zi band qilgan va soliqdan ozod etilgan fuqarolarni to‘liq ro‘yxatga kiritib olishimiz va daromad ularga o‘tkazilayotganini tasdiqlashimiz lozim. Hozir shu jarayon ketyapti.

Agar ular ro‘yxatdan o‘tmasa, daromadlar soliq bazasida to‘g‘ri shakllanmasligi mumkin. Taksistning daromadi taksoparkka yoki taksoparkni daromadi Yandex`ga tushib qolishi mumkin. Boshqa soliq to‘lovchilarda ham shunday holatlar bo‘ladi, bunday holatlarda biz cheklarni tahrirlash va boshqa masalalarda yordam beramiz.

— Yandex Go soliq rezidenti sifatida ishlay boshlagandan keyin, o‘z xizmatlari uchun komissiyasini oshirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Davlat soliq qo‘mitasi Yandex Go`ni soliqqa tortmoqchi edimi yoki haydovchilarnimi, degan savollar paydo bo‘ldi. Bunga qanday javob berasiz?

— O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolar daromad solig‘idan to‘liq ozod qilingan. Ularning daromadi hisob-kitob qilinmaydi va ularga Yandex Go soliq rezidentiga aylanganidan keyin ham soliq to‘lash talabi qo‘yilmagan. Soliq qo‘mitasi shu xizmatni yo‘q qilib qo‘ymaslik va bu ish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni daromadsiz qoldirmaslik uchun ham yuqorida ta’kidlangan ishlarni asta-sekinlik bilan amalga oshirdi. Bu jarayon mana shu odamlarning daromadlarini saqlab qolish uchun, ularni ishsiz qilib qo‘ymaslik uchun tez va og‘riqli kechmadi. Sababi ularning ortida qancha oila, ularning farzandlari turibdi.

Yuqorida Yandex Go O‘zbekistonda soliq rezidenti bo‘lganidan keyin qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lovchisi bo‘lyapti, deb aytdik. Shu jarayonda u o‘z xizmatlariga qandaydir o‘zgartirishlar kiritib, xizmatlari narxini o‘zgartirishi mumkin. Bu jarayonda xizmatlar narxi va bu xizmatlar evaziga olinayotgan daromad foizlari belgilanishi bo‘yicha savollarga esa Raqobat qo‘mitasi javob berishi to‘g‘riroq bo‘ladi.

— Demak, Davlat soliq qo‘mitasi ehtiyotkorlik deganda shu faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar uchun jarayon og‘riqli kechmasligini ta’minlashni nazarda tutgan, shundaymi?

— Birinchi ishimiz shu bo‘lgan. Daromadsiz fuqarolar shu yerdan daromad olib oilasini, bola-chaqasini boqyapti. Ularni daromadsiz qilib qo‘ymasligimiz kerak edi. Bundan tashqari fuqarolarimiz oson va qulay xizmatdan foydalanayotgan vaqtda o‘sha xizmatni yo‘q qilib qo‘ymasligimiz kerak edi. Shuni uddaladik.

— O‘zbekistonda hozir qancha odam taksi agregatorlari orqali faoliyat yuritmoqda? Ularning daromadlari bo‘yicha ma’lumotlar mavjudmi? Bularning qanchasi Yandex Go ulushiga to‘g‘ri keladi?

— Bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar Yandex Go`da ham Uklon`da ham, MyTaxi`da ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Shuningdek, kimdir kuniga 12 soat, kimdir 3 soat, kimdir 10 daqiqa ishlashi mumkin. Kimdir doimiy, kimdir esa faqat qachondir vaqti bo‘lganda yo‘lovchi tashishi mumkin. Ular haqidagi ma’lumotlar turli hisob-kitoblarda aks etganini hisobga olib, 500 mingdan 1 mln nafargacha fuqarolar o‘zini qisman yoki to‘liq shu faoliyat bilan band qilmoqda, deb e’lon qildik, aniq raqamlarni emas.

Rasman davlat ro‘yxatidan o‘tib, o‘zini o‘zi band qilgan holda bu faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar 262,5 ming nafarni tashkil etmoqda va bu ro‘yxat kengayib boradi. Sababi, Yandex Go’ga haydovchilarni qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish talabi qo‘yilmoqda. Taksoparklar talab qilishni boshlagandan keyin, endilikda biz aniq raqamlar qandayligini bilamiz. Bu raqamlarni e’lon qilib boramiz.

— Yandex Go mijozlariga QR kodli cheklar berishi masalasi qaysi bosqichda? Hozir naqd yoki karta orqali to‘lov amalga oshirilganda mijozlarga to‘liq chek berilyaptimi?

— Yandex Go 1-dekabrdan karta orqali, ya’ni naqdsiz to‘lov uchun chek shakllantirishni yo‘lga qo‘ydi. Naqd pul bilan to‘lov amalga oshirilganda chek berish masalasi hozir jarayonda. Lekin bu talab ham to‘liq bajariladi. Nafaqat Yandex Go`ga, MyTaxi`ga ham, Uklon`ga ham, boshqa yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga ham bu talab qo‘yiladi. Faqat Yandex Go buni birinchi bo‘lib bajara boshladi. MyTaxi va Uklon jarayonni yakunlagan bo‘lsa ham, hali chek berishni boshlagani yo‘q, buni ham inobatga olishimiz kerak.