21-dekabr kuni “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-210-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Hujjatga muvofiq, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga aylantirildi. Unga yana Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva rahbarlik qiladi.

Milliy komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • ichki ishlar vaziri, Milliy komissiya raisining o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha kichik komissiya;
  • kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri, Milliy komissiya raisining o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligidagi munosib mehnat masalalari bo‘yicha kichik komissiya.

Farmon bilan Milliy komissiyaning asosiy vazifalari belgilandi.

Milliy komissiya, jumladan, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, munosib mehnat tamoyillarini, xalqaro mehnat standartlarini keng joriy etish, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari zimmasiga Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarga rahbarlik qilish vazifasi yuklandi.

Farmonga ko‘ra, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruzachi instituti negizida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi.