22-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas jaholatga undayotgan kishilar paydo bo‘layotganini ta’kidladi.

“Mana biz asosiy qonunimizdagi fundamental prinsiplardan kelib chiqib dunyoviy davlat konsepsiyasini ishlab chiqyapmiz. Nima uchun bunga zaruriyat tug‘ilmoqda? O‘zingiz ko‘ryapsiz, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali, asosan chetdan, ba’zan hatto mamlakatimizning o‘zida ham konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilmoqda”, — dedi prezident.

“Ba’zi guruhlar orasida diniy qarashlarini konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi hamda ulardan ustun qo‘yish holatlari kuchaymoqda. Diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas jaholatga undayotgan kishilar paydo bo‘lmoqda. Ko‘p xotinlik, „ayol kishi ishlamasdan uyda o‘tirishi, o‘qimasligi kerak, dunyoviy qadriyatlar harom“ degan soxta da’vatlar yangramoqda. Ulug‘ ma’rifatparvar Ibrat domlaning „Millatni kim isloh etar, ulamo g‘ayrat etganda millat albatta isloh topur“ degan hikmatli so‘zlarida chuqur ma’no bor”, — dedi Mirziyoyev.

“Fursatdan foydalanib, men muhtaram ulamolarimiz, din peshvolarini inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarimizda faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqiraman”, — dedi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, Haj va Umra ziyoratiga borib kelganlar orasida o‘zini ko‘z ko‘z qilish, manmanlikka berilish kabi holatlar kuzatilayotganini tanqid qildi.

“Ma’lumki keyingi yillarda Haj, Umra ziyoratlariga keng yo‘l ochyapmiz, minglab fuqarolar mana shunday qutlug‘ ziyoratlarga borib kelayotganiga hammamiz guvohmiz. Bu borada ilgari ham aytgan bir fikrimni takrorlamoqchiman: Hajga, Umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak. Afsuski hamma joyda ham shunday bo‘lmayapti. Ziyorat bahona o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, manmanlikka berilish kabi bizga yarashmaydigan xunuk holatlar ko‘zga tashlanyapti. Bular, albatta, barchamizni o‘ylantirishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, prezident O‘zbekiston musulmonlari idorasi, xususan, muftiy hazratlari, shayx Nuriddin Xoliqnazarovning diniy ma’rifat sohasida olib borayotgan sa’y-harakatlarini barcha qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.