22-dekabr va 23−24-dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan iliq havo kirib kelishi davom etadi va harorat ko‘tariladi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar qildi.

22-dekabr ikkinchi yarmida havo +8…+13 iliqqacha, shanba va yakshanba kunlari esa +12…+17 iliqqacha isiydi. Kechalari ham havo iliq bo‘ladi, yakshanba kuniga kelib, harorat kechasi +2…+7 iliqqacha ko‘tariladi.

Qayd etilishicha, hafta oxirida havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 24-dekabr, yakshanba kuni asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin, Farg‘ona vodiysining ayrim joylariga tuman tushishi kunduzi ham saqlanib turadi.

24-dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkentda 22−24-dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan birozdan o‘rtachagacha esadi. Harorat bugun kunduzi +10…+12 iliq bo‘ladi, shanba va yakshanba kunlari esa kechalari +3…5 iliqqacha, kunduz kunlari +14…+16 iliqqacha asta-sekin ko‘tariladi.