Prezident Shavkat Mirziyoyev nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilishi va moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi zarurligini ta’kidladi. U bu haqda 22-dekabr kuni Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida gapirdi.

Davlat rahbari shu maqsadda ushbu korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod qilinishini va ularga imtiyozli kreditlar ajratilishini ma’lum qildi. Tarjimonlikni rag‘batlantirish uchun shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etishni taklif etdi.

“Hududlardagi bolalar kutubxonalari bosqichma-bosqich bolalarning sevimli maskaniga aylantiriladi. Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘p ming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib beriladi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi to‘lash rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, allomalarning yoshligi haqida kitoblar yozish, yozganda ham bolalarbop qilib yozish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu ishlarni rag‘batlantirish, yangi bosqichga ko‘tarish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Xalqaro bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi tashkil etiladi.