Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ayrim yirik savdo tarmoqlarining “xarid illyuziyasi”ni keltirib chiqaruvchi chegirma haqidagi reklamalaridan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda internet, ijtimoiy tarmoqlarda biror kompaniyaning yilligi, milliy bayram yoki boshqa kunlarda aksiyalar, tovarlarning kelishilgan miqdorini sotib olish sharti bilan taqdim etiladigan chegirmalar tashkil qilingani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, ayrim yirik savdo tarmoqlari dastlab taklif qilinadigan tovarlarning narxlarini iloji boricha haddan tashqari oshirib yuboradi, so‘ngra ularning narxi haqiqiy narxigacha tushiradi. Bu esa xaridorlarda foydali xarid hayoli (illyuziyasi)ni keltirib chiqarishi mumkin.

“Odatda ko‘pincha, bayramlar oldidan yirik savdo markazlari va do‘konlar tovar narxlarini keskin ko‘tarishi, keyin esa chegirmalar e’lon qilish orqali go‘yoki, tovar narxlarini keskin tushirilgani to‘g‘risida reklamalar beriladi. Haqiqatda esa chegirmadagi tovar narxi eski narxdagi holatiga qaytarib, go‘yoki 20−30 foiz chegirmalar qo‘llanilgandek taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.

“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilangan.

Qo‘mita tovarlarni, mahsulotlarni chegirma bilan sotish holatlariga e’tiborliroq bo‘lish, tovarlarni sotib olishdan oldin uning sifati va nuqsonsiz ekanlignini tekshirishni unutmaslika chaqirdi.

Shuningdek, tovarlarlarni chegirma bilan xarid qilishda to‘siq va muammolar yoki noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamalarni tarqatish holatlari kuzatilgan taqdirda 1159 ishonch raqamiga murojaat qilishni so‘radi.