Bojxona qo‘mitasi xodimi sug‘urta kompaniyasi bilan til biriktirganlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda 21-dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjmunida Bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Ilxom Muxtorov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tarmoqlarda Bojxona qo‘mitasi bojxona to‘lovlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, bojxona to‘lovlari bo‘limi boshlig‘i Sohib R.N. hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Ilxom Muxtorovning ma’lum qilishicha, u boshqarma boshlig‘i emas, Sohib ismli bo‘lim xodimi bo‘lgan.

“Bu yerda bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash yo‘nalishidagi bir amaliyot — sug‘urta kompaniyalaridan taqdim qilingan sug‘urta polisi asosida ma’lum muddatga bojxona to‘lovlarini kechiktirish uchun ruxsat berish haqida gap ketyapti. Ruxsat berish jarayonida o‘sha xodim sug‘urta kompaniyasi bilan jinoiy til biriktirgan. Qo‘mita rahbariyati tomonidan bu sxemani aniqlash bo‘yicha topshiriq berilgan. Joylardan olingan ma’lumotlar asosida tekshiruv natijasida 145 milliardga yaqin mablag‘ sug‘urtalash orqali o‘zlashtirishga erishmoqchi bo‘lishganini aniqladik”, — dedi u.

Ilxom Muxtorovning aytishicha, xodim qo‘mitaning o‘z xafsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda 2−3 oy kuzatuvda bo‘lgan. Kuzatuv davomida uning jinoiy guruhlarga aralashib, ularning manfaatlari uchun xizmat qilgani aniqlangan.

“Xizmat tekshiruvi asosida xodim 23-noyabr kuni ishdan bo‘shatilgandi. Bo‘shatilgandan keyin mana shu harakatda jinoyat elementlari bo‘lgani uchun xodim bugungi kunda hibsga olingan”,

Hozirda 145 mlrd so‘m zarardan 84 mlrd so‘mi undirishga erishilgan. Kompaniyaining bir-ikki xodimi chet elga qochib ketgan, ular qidiruvga berilgan.

“Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organ. Xodimimiz ustidan kerak bo‘lsa, o‘zimiz jinoyat ishi qo‘zg‘atib, o‘zimiz tegishli idoralarga olib borib topshirish imkoniyatimiz bor”, — dedi qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari.