O‘zbekistonda 2024-yilda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun 65 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda 20-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari hududlarda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishini e’lon qildi. Xususan, IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi. Iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi.

Shuningdek, 50 dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplab beriladi. Eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi IT parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun kelgusi yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida uning shu’ba korxonalarini ochishi rejalashtirilmoqda.