Bosh vazir Abdulla Aripov davlat tashkilotlariga Yangi yil bayrami oldi o‘tkaziladigan korporativ tadbirlarni budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan o‘tkazishni taqiqladi. Bu o‘tgan hafta bayramga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi. Ushbu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga hukumat rahbari matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov tasdiqladi.

Bosh vazir barcha vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat ulushi mavjud xo‘jalik jamiyatlari va tijorat banklariga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan Yangi yil bayrami munosabati bilan korporativ yig‘ilishlarni tashkil etish va bayram dasturxonini yozish taqiqladi.

“Budjet puli — xalqning puli. Uning har bir tiyini hisobli. Xalqimiz bu pullarni bizning o‘yin-kulgi qilishimiz uchun bermagan”, — dedi Abdulla Aripov.

Hukumat rahbari o‘tgan yili ham budjet mablag‘lari hisobidan bayram tadbirlarini o‘tkazishni taqiqlagandi.