Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida bir oilaning 5 a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

15-dekabr kuni soat 11:45 atrofida tumanning “Kenes” ovulida yashovchi fuqaro M.B. xonadonida o‘zi va 6 nafar oila a’zosining hushsiz holatda yotgani qo‘shnilari tomonidan aniqlangan va tez tibbiy yordam shifokorlari chaqirtirilgan.

Tekshiruv davomida ushbu xonadonda yashagan 66 yoshli M.B. (erkak), 62 yoshli Z.M. (ayol), 37 yoshli S.B. (ayol), 15 yoshli A.A. (ayol) va 12 yoshli M.A. vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, 28 yoshli T.O. (erkak) va 23 yoshli A.B. (ayol) hushsiz holatda tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatda is gazidan zaharlanish alomatlari mavjud bo‘lib, uyning isituvchi qozonxonasi uy ichida yonib turgan, deyiladi xabarda.

Holat bo‘yicha Chimboy tumani prokuraturasi tomonidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda va hodisaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.