Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona-diagnostika bo‘limi sobiq mudiri, bloger Otabek Axliddinovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Andijon viloyati sudlari matbuot xizmati xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining 2023-yil 24-noyabrdagi hukmiga muvofiq Otabek Axliddinov (1973-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, ma’lumoti — oliy, oilali, 6 nafar farzandi bor, Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona-diagnostika bo‘limi mudiri vazifasida ishlagan, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullangan, muqaddam sudlanmagan) jabrlanuvchi J.M.ning mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlik yuzasidan e’lon qilingan ayblov epizodi bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandi bilan oqlanib, jinoyat ishining shu qismi tugatilgan.

Shuningdek, Otabek Axliddinov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandi va 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59- (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61- (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yilga muayyan huquqlardan, ya’ni davlat tashkilotlarining mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarida ishlash hamda blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqlaridan mahrum qilgan holda 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Otabek Axliddinov va uning himoyachisi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati va Xonobod shahar prokurori tomonidan keltirilgan apellyatsiya protesti ko‘rib chiqilib, Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 5-dekabrdagi hukmi bilan birinchi instansiya hukmi bekor qilinib, Otabek Axliddinov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan (jabrlanuvchi J.M.ning mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi bo‘yicha epizod) Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan oqlandi.

Shuningdek, Otabek Axliddinov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi va 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi va 61-moddasiga asosan 3 yilga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash hamda blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilib, 7 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu tariqa apellyatsiya protesti qanoatlantirilib, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.