“NOQulay shahar” loyihasining navbatdagi sonida biz Toshkent qanday qilib o‘z aholisini, jumladan, nogironligi bor insonlarni, qariyalarni, homilador ayollarni, farzandlarini aravachada olib ketayotgan ota-onalarni yuqoriga ko‘tarilib, pastga tushishga majburlayotganini tasvirga oldik. Shuningdek, yerusti piyodalar o‘tish joylari oldida qanday xavfli muhit yuzaga kelib qolganini ko‘rsatishga harakat qildik.

Toshkent shaharsozlik nuqtai nazaridan muammolari ko‘p bo‘lgan shahar hisoblanadi. Lekin poytaxtdagi aynan yerusti piyodalar o‘tish joylarini mazkur muammolarning o‘ziga xos ramzi sifatida ko‘rsatish mumkin. Aynan shu obyektlar shahar o‘z aholisini eshitmayotganini aniq aks ettiradi.

Odatda piyodalarni yer ustidan o‘tkazib yuborish asosan yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish va piyodalar xavfsizligini ta’minlash kabi sabablar bilan izohlanadi. O‘zbekistondagi yo‘l harakatini tashkil etish bilan bog‘liq hujjatlar va loyihalarda yo‘llarda ustuvorlik piyodalarga berilgani aytilishini hisobga olsak, mashinalar tirbandlikda turib qolmasligi uchun piyodalarni yuqoriga ko‘tarilib, keyin pastga tushishga majburlash mohiyatan bunga to‘g‘ri kelmaydi. Yerusti piyodalar o‘tish joylari xavfsizlikni oshirishi yoki yo‘qligiga kelsak, Toshkentdagi istalgan bunday obyekt oldida buning aksini kuzatish mumkin.

Batafsil quyidagi videoda: