Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va “O‘zenergoinspeksiya” mutaxassislari tomonidan elektr va gaz ta’minotidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Dekabr oyining 15 kunida 411 nafar iste’molchining tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga jami 73 mlrd 274 mln so‘mlik zarar keltirilgan.

Misol uchun, Toshkent viloyatida 20 ta holatda tizimga 25 mlrd 293 mln so‘mlik, Toshkent shahrida 30 ta holatda tizimga 11 mlrd 308 mln so‘mdan ziyod va Farg‘ona viloyatida 52 ta holatda tizimga 7 mlrd so‘mdan ziyod energoresurslar talon-toroj qilingan.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.

Vazirlik ushbu resurslarga talab ortgan paytda ham ulardan ayrim “tadbirkor”larning noqonuniy va o‘g‘rincha foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda energiya resurslar ta’minoti barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi.