19-dekabrga o‘tar kechasi Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, uning epitsentri Gansu provinsiyasi bo‘lib, kuchli silkinishlar qo‘shni Sinxay provinsiyasida ham sezildi, deya xabar bermoqda Reuters.

Tongda mahalliy hokimiyat Gansu shahrida zilzila oqibatida 105 kishi halok bo‘lgani va 397 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Sinxaydagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 182 kishi esa yaralangan.

Hokimiyat zilzila infratuzilmaga katta zarar yetkazgani, xususan, suv, elektr ta’minoti va aloqa uzilib, yo‘llar va boshqa obyektlar zarar ko‘rganini bildirdi.

хитой, zilzila, шавкат мирзиёев, hamdardlik
Foto: Getty Images.

Xitoy ommaviy axborot vositalarida yozishlaricha, hozirda bir necha ming kishi ishtirok etgan qidiruv-qutqaruv operatsiyasi ob-havo sharoiti tufayli murakkablashmoqda.

Talofat ko‘rgan qator hududlarda havo harorati kechasi -14 darajagacha pasaygan. Sovuq tufayli vayronalar ostida qolganlarni qutqarish uchun zarur bo‘lgan 72 soatlik vaqt sezilarli darajada qisqargan.

Ma’lumot uchun, Gansu provinsiyasida 2019-yilda 5 magnitudadan oshgan zilzila qayd etilgandi. 2008-yilda esa Xitoy janubidagi Sichuan provinsiyasida dunyodagi eng vayronkor zilzilalardan biri sodir bo‘lib, 87,5 ming kishi halok bo‘lgan va 375 ming kishi jarohatlangandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zilzila oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Xitoy raisi Si Szinpinga hamdardlik yo‘lladi. Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar shifo topishini tiladi.