Bundan 77 yil avval AQShning Ohayo shtatida zamonaviy blokbaster kashshofi Stiven Spilberg dunyoga kelgan edi. Katta kinoga 1975-yili “Ajal komida” (Jaws) filmi bilan kirib kelgan Spilbergning Indiana Jons sarguzashtlari haqidagi turkum filmlari, “O‘zga sayyoralik”, “Shindler ro‘yxati” kabi shedevrlari kinematografiyaning oltin fondidan o‘rin olib ulgurgan. Taniqli rejissyor uch marta “Oskar”, ikki marta BAFTA va 9 marta “Oltin globus” mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

Darvoqe, Stiven Spilberg o‘zbek kinosi tarixiga ham kirgan, deyish mumkin — rejissyor va ssenariynavis Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon” filmi 43-do‘kon qorovuli Sotiboldi Xudoyberdiyevning aynan “o‘rtoq bosh rejissyor Stiven aka Spilberg"ga yozgan xati bayonidan iborat edi. Quyidagi test ham ramziy ma’noda Sotiboldi aka nomidan tayyorlandi.