O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari 4 mln gektarni tashkil etadi. G‘alla va paxtaning har biriga 1 mln gektardan ajratilgan. Qolgan yer maydonlari boshqa turdagi ekinlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerlarning barchasiga bir nechta mexanik amaliyotlarni o‘z ichiga oluvchi an’anaviy usulda ishlov beriladi: ekish oldidan yer shudgorlanadi, avval yirik, keyin mayda kesaklar yumshatiladi.

Bu jarayonlar avvaliga o‘simliklarning o‘sishi va hosilga ijobiy ta’sir qiladi. Biroq uzoq muddatli istiqbolda an’anaviy dehqonchilik oziq-ovqat xavfsizligi poydevori hisoblangan tuproqni asta-sekinlik bilan o‘ldiradi.

Tuproq unumdorligini saqlash butun dunyoda dolzarb masala bo‘lib turibdi. Aynan shuning uchun tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikka o‘tish juda muhim, deya ta’kidlaydi Global ekologik fond (GEF) Kichik grantlar dasturi (KGD) milliy koordinatori Aleksey Volkov. “Gazeta.uz” bilan suhbatda u an’anaviy va tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilik o‘rtasidagi farq, shuningdek, GEF KGDning yerga ishlov berishning yangi usullaridan foydalanishga qaratilgan loyihalari haqida so‘zladi.

Nima uchun yerga ishlov berishning an’anaviy usuli tuproq uchun zararli?

Tuproq mikrofaunasining yo‘qotilishi. Tuproq unumdorligi unda yashaydigan mikroorganizmlarga bevosita bog‘liq. 1 gektar shudgorlanadigan yerda 4 dan 10 tonnagacha tirik organizmlar: bakteriyalar, zamburug‘lar, hasharotlar, protozoalar, qurtlar va boshqalar mavjud. Ularning aksariyati yashash uchun kislorodsiz muhitni talab qiladi. Yerga ishlov berish vaqtida qishloq xo‘jaligi texnikasi tuproq qatlamini aylantirganida, unga kislorod kirib boradi. Bu tom ma’noda mikroorganizmlarni o‘ldiradi va ularning yashash muhitini yo‘q qiladi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Foto: FAO Uzbekistan.

“Afsuski, ko‘pchilik fermerlar tuproq faunasining ahamiyati haqida o‘ylamaydi. Vaholanki, aynan u — tuproq va ekinlarni saqlashning asosi. Aynan shu mikroorganizmlar bu fermerlar uchun pul „qiladi“”, — deydi Aleksey Volkov.

Ayrim don va boshqa turdagi ekinlar o‘rimi yoz oylariga to‘g‘ri keladi. Hosil yig‘ib olingach, odatda yer keyingi ekinni ekish uchun tayyorlanadi. Shudgorlashdan so‘ng uning ichki qatlami ustiga “o‘giriladi”. Tashqi muhit va tuproqning ichki qatlamidagi harorat o‘rtasidagi katta farq issiq haroratda halok bo‘luvchi foydali tuproq mikroorganizmlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Suvning isrof qilinishi. Shudgorlangan “yalang‘och” tuproq quyosh ta’siri ostida qoladi. Bu tabiiy namlikning bug‘lanish jarayonini tezlashtiradi. Fermerlar namlik yetishmovchiligining o‘rnini sug‘orish bilan to‘ldiradi. Aniqroq aytganda, tuproqqa ishlov berish jarayonida avvalboshdan o‘zimiz quritib yuborgan yerlarimizni sug‘orish uchun daryolardan suv olamiz. Vaholanki bu suvdan boshqa yerlarni sug‘orish, to‘qay o‘rmonlarini oziqlantirish, hatto Orol dengizi va daryolarni to‘ldirish uchun foydalanish mumkin edi.

Tuproqning suv va shamol ta’siridagi eroziyasi. Mexanik ishlov berish tuproqni maydalaydi. Tuproqning tuzilishidagi bu o‘zgarish uning shamol ta’sirida osongina uchib ketishiga olib keladi. Bu jarayon shamol eroziyasi deb ataladi. Bu — so‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisiga juda yaxshi tanish bo‘lib qolgan chang bo‘ronlarining tez-tez sodir bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Maydalangan tuproq, shuningdek, sug‘orish vaqtida suv bilan osongina yuvilib, daryolarga oqib ketadi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Ufqda chang bo‘roni. Shamol tuproqni daladan uzoqlashtirmoqda. Foto: Aleksey Volkov.

“Bir santimetr unumdor tuproq qatlamini yaratish uchun mikroorganizmlardan 150 yil vaqt talab etiladi. An’anaviy dehqonchilik sharoitida biz yiliga mikroorganizmlarning bir yarim asrlik mehnatini yo‘qqa chiqaramiz”, — deya ta’kidlaydi Aleksey Volkov.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Daladagi suv eroziyasi izlari. Suv tuproqni oqizib ketgan. Foto: Aleksey Volkov.

O‘simlik qoldiqlarini yig‘ib olish va organik moddalarning yo‘qotilishi. O‘zbekistonda o‘rimdan so‘ng o‘simlik qoldiqlarini daladan yig‘ib olish odat tusiga kirgan. Ulardan, yerni ham oziqlantirish zarurligi esdan chiqqani holda, chorva mollari uchun yem sifatida foydalaniladi. O‘simlik qoldiqlari yig‘ib olingach, fermerlar yerni shudgorlab, yalang‘ochlangan tuproqni kuydiruvchi quyosh ostida va shamolda qoldiradilar, bu esa, yuqorida ta’kidlanganidek, tuproqning eroziyaga uchrashi va qurib ketishiga olib keladi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Yalang‘ochlangan tuproq. Foto: Aleksey Volkov.

Ko‘p hollarda dalalar ularni o‘simlik qoldiqlaridan batamom tozalash maqsadida yoqib ham yuboriladi. Yong‘in tuproqni yanada quritadi, tutun havoni ifloslantiradi, tuproq esa undan har bir hosil so‘rib oladigan organik moddalarni qayta ololmaydi.

“Fermerlar, afsuski, tuproq va o‘simlik biologiyasini tushunmaydi. Ko‘pchilikka dalani shu yo‘sinda o‘simlik qoldiqlaridan „tozalab tashlash“ qulay”, — deydi Aleksey Volkov.

Biroq, o‘simlik qoldiqlari tuproq uchun zarur. Birinchidan, ular yerning haddan tashqari qizib ketishi va qimmatbaho namlikning bug‘lanishiga yo‘l qo‘ymagan holda, tuproqni quyoshdan himoya qiladi. Ikkinchidan, tuproqda yashovchi mikroorganizmlar bu qoldiqlarni chirindiga aylantiradi va tuproqni organik moddalar bilan oziqlantiradi, deya tushuntiradi Aleksey Volkov.

“Fermerlar tuproq yuzasidan barcha qoldiqlarni olib tashlaydi, ammo ildizlar qoladi. Shu ham juda yaxshi. Ildizlar tuproq mikroorganizmlari uchun ozuqa, ular organik moddalardir. Biroq ildizlarning o‘zigina yetarli emas. Juda ko‘plab organik qoldiqlar zarur, chunki har bir hosil — organik moddalarning yo‘qotilishi degani, uning o‘rnini esa to‘ldirish lozim”, — ta’kidlaydi Aleksey Volkov.

GEF KGD axborot byulleteni ma’lumotlariga ko‘ra, shudgorlanadigan qatlamdan chirindi yo‘qotilishi ko‘rsatkichi yiliga taxminan 760 kg/ga ni tashkil etadi. Ushbu yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun o‘rim-yig‘im qoldiqlarining kamida 50 s/ga miqdorida quruq organik material talab qilinadi. Biroq, fermerlar kimyoviy o‘g‘itlarni afzal ko‘radi, chunki o‘simlik qoldiqlaridan chorva uchun ozuqa sifatida foydalaniladi. Kimyoviy o‘g‘itlar esa samarasiz, sababi ular tuproq unumdorligini saqlashga xizmat qilmaydi, balki ekilgan ekinlar uchun energetik qo‘shimcha vazifasini o‘taydi.

Me’yoridan ortiqcha sug‘orish. Suv tanqisligi kuchayib borayotganiga qaramay, suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan har bir fermer dalaga imkon qadar ko‘proq suyuqlik yetkazib berishga urinadi. Biroq, Volkovning so‘zlariga ko‘ra, tuproqdagi namlikni saqlab qolish haqida deyarli biror bir fermer bosh qotirmaydi. Bu esa boshqa fermerlarga suv yetishmasligiga olib keladi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Dalani tuzdan yuvish. Foto: Aleksey Volkov.

Tuproqning sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda fermerlar dalalarni suv bilan to‘ldirish orqali tuzlarni yuvadi. Buning uchun ular bir mavsumda 3000−6000 kubometr suv ishlatadi. Biroq buning natijasida tuproq yanada sho‘rlanadi, chunki, birinchidan, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan suvning minerallashuv darajasi avvalboshdan yuqori. Ikkinchidan, me’yoridan ortiqcha sug‘orish tarkibida ko‘p miqdorda tuz mavjud bo‘lgan yer osti suvlari darajasini ko‘tarib yuboradi.

Namlik bug‘langach, yerdan ko‘tarilgan tuz tuproqning ustki qatlamida qolib ketadi va uni yana yaroqsiz holga keltiradi. Bu fermerlarni keyingi mavsumda yerni qaytadan yuvishga undaydi.

“Bu hech kim buzolmayotgan nobop halqa, vaholanki buning yechimi bor”, — deydi Aleksey Volkov.

Almashlab ekish amaliyotining mavjud emasligi. Aksariyat fermerlar almashlab ekishning muhimligiga ko‘p ham ahamiyat bermaydi va yillar davomida bir yerda bir-ikki turdagi ekinni yetishtiraveradi. Bu qishloq xo‘jaligidagi rejali iqtisodiyot bilan ham bog‘liq: fermerlarga paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha reja beriladi. Yerdan foydalanishning qat’iy belgilangan siyosati tufayli fermerlar qishloq xo‘jaligi yerlarining to‘laqonli egalari emas va ularning faoliyati har doim, paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha talab qilinadigan reja bajarilmagan taqdirda, yer maydonlarini yo‘qotish xavfi ostida bo‘ladi. Bu fermerlarning almashlab ekishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada pasaytiradi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Ekinlar almashinuvi tuproqning qayta tiklanishiga imkon beradi. Tuproq yildan-yilga bug‘doy, paxta yoki boshqa istalgan bir turdagi ekinni yetishtirar ekan, unda o‘sha turning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan mikroelementlar sarf qilinib, shu ekin bilan oziqlanadigan patogenlar yig‘ilib qoladi. Ilmiy asoslangan almashlab ekish tuproqdan to‘laqonli foydalanish imkoniyatini beradi va tuproqning qayta tiklanishi uchun imkon yaratadi. Barqaror va tuproqni muhofaza qiladigan qishloq xo‘jaligi bir-birining hosildorligini oshirish uchun ishlaydigan ekinlarni navbatma-navbat yetishtirishni nazarda tutadi.

“Almashlab ekish shunisi bilan ham muhimki, ekinlar turli xil ildiz tizimiga ega, — deb tushuntiradi Aleksey Volkov. — Ayrim ildizlar [tuproqqa] chuqur kirib boradi, boshqalari esa turli tomonlarga yoyiladi — tuproq aynan shu tarzda yumshatiladi. Boshqachasiga aytganda, tuproqni yumshatish uchun texnikaning keragi yo‘q, to‘g‘ri [tanlangan] o‘simliklar zarur. Axir tabiatda omochli traktorlar yo‘q, tuproq esa unumdor va sog‘lom. Inson hech qachon tabiatdan aqlliroq narsani o‘ylab topolmaydi”.

Tuproqning zichlashuvi. Tuproqqa ishlov berishning an’anaviy usulida har bir amaliyot qishloq xo‘jaligi texnikasi yordamida amalga oshiriladi. Tuproq yumshatilishiga qaramay, traktor va kombaynlarning og‘irligi ostida tuproq, aksincha, zichlashadi. Ekinlarni ekish uchun tuproq faqatgina qo‘pol makro darajada yumshatiladi. Biroq og‘ir vaznli qishloq xo‘jaligi texnikasi bosimi ostida tuproqning umumiy zichlashuvi tuproq karkasini tashkil etuvchi zarralar orasida sodir bo‘ladi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Foto: Siroj Aslonov / O‘zA.

Tuproq zarralari orasidagi zichlashuv mikroorganizmlarning hayotiga va tuproqning namlikni, shuningdek, havoni saqlab turish va o‘tkazish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tuproqning bu xossalari uning unumdorligi va hosildorlikka bevosita ta’sir qiladi. Qolaversa, tuproqning zichlashishi ko‘p miqdorda suv resurslari sarfini talab qiladi, sababi zich tuproq namlikni ushlab qololmaydi va unga ko‘proq miqdorda suv kerak.

“Bularning barchasi tuproqqa an’anaviy ishlov berish uning biologik va fiziologik xususiyatlarining buzilishiga, sho‘rlanishiga, namlik, chirindi va tuproq unumdorligining yo‘qotilishiga olib kelishidan dalolat beradi. Bu hosil va mablag‘ning yo‘qotilishida namoyon bo‘ladi hamda fermerlar [faoliyati] va mamlakat iqtisodiyotida aks etadi, — deydi Aleksey Volkov. — Tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilik yagona yechim bo‘lishi mumkin, bunda texnika dalalarga an’anaviy dehqonchilik sharoitidagiga qaraganda besh baravar kamroq kiritiladi”.

Tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilik nima o‘zi?

Tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilik tuproqda namlik, mikroorganizmlar va organik moddalar (gumus)ning saqlanishiga imkon beradi. Bu qimmatli suv resurslarini tejaydi, unumdorlikni oshiradi, shunday ekan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi, shuningdek, fermerlarning xarajatlarini qisqartiradi.

Bunga quyidagilar orqali erishiladi:

  • tuproqning doimiy ravishda o‘simlik qoldiqlari bilan qoplanishi;
  • tuproq unumdorligini oshirish imkonini beruvchi almashlab ekish;
  • yerga doimiy ravishda nol ishlov berish.

Tuproqqa nol ishlov berish yoki nol ekish (no-till texnologiyasi — tuproqqa ishlov bermasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekishni nazarda tutadi — tahr.) — qishloq xo‘jaligi ekinini ekish uchun beshta emas, bitta mexanik amaliyot bajarilishini nazarda tutadi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasidan faqat ekin ekish uchun foydalaniladi. Buning uchun maxsus ekin ekish texnikasi dala bo‘ylab harakatlanib, tig‘ yordamida tuproqda ingichka kesik hosil qiladi va unga urug‘larni zarur chuqurlikka joylashtiradi. Shudgorlash va yumshatish kabi amaliyotlar tuproqni bezovta qilmaydi, uning barcha mikrofaunasi saqlanib qoladi. Bu tuproqning tabiiy tuzilishini shakllantiradi, undagi namlikni saqlaydi, quyosh va shamoldan himoya qiladi, shamol va suv eroziyasining oldini oladi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

GEF KGD tomonidan tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikka qaratilgan loyihalardan biri doirasida sotib olingan no-till texnologiyasi asosida ekin ekish texnikasi. Foto: Aleksey Volkov.

Tuproq har doim o‘simliklar yoki mulcha (maydalangan o‘simlik qoldiqlaridan iborat qoplama) bilan qoplangan holda bo‘lishi uchun dalada o‘simlik qoldiqlarini saqlash va yilda ikkinchi yoki hatto uchinchi ekinni ekish muhim ahamiyatga ega. Bu uni qurishdan, qizib ketishdan va uchib ketishdan himoya qiladi. Bundan tashqari, tuproqni mulchalash undagi namlikning katta miqdorini saqlab qoladi va sug‘orish uchun suvni tejaydi.

Mulcha tufayli tuproqda saqlanib qolgan namlik o‘simliklarning vegetatsion davrida foydalaniladi — ham sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, ham sho‘rlangan dalalarni yuvishga ketadigan va tuproqda tuzlarning to‘planishiga sharoit yaratadigan suv sarfini qisqartiradi. Mulchalash yerni yuvish uchun suv sarfini yiliga 2000 kubometrga kamaytirishga imkon beradi va mineralizatsiyani 1,6−4 baravarga qisqartiradi.

Mulchalashning yana bir muhim afzalligi — bu tuproqni oziqlantirish. O‘simlik qoldiqlari bizning tuproqlarimizda yetishmayotgan organik moddalarni qo‘shadi. Yangiyo‘l qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti bosh konstruktori Mirzaahmat O‘sarovning so‘zlariga ko‘ra, bir tonna somon tuproqqa 170−180 kilogramm gumus beradi — bu bir tonna go‘ng beradigan chirindidan ikki barobar ko‘p.

Aleksey Volkovning fikricha, no-till texnologiyasi asosida ekishning asosiy kamchiligi — bu begona o‘tlardir. Ularga qarshi kurash qiyinlashadi, biroq bir necha yillik istiqbolda texnologiya o‘z natijalarini beradi. Agar ekin qoldiqlari va gerbitsidlar to‘g‘ri boshqarilsa, bir necha yillik doimiy mulchalashdan so‘ng, fermerlar begona o‘tlarni sezilarli darajada bostirishga muvaffaq bo‘ladi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Qishloq xo‘jaligi ekinini ekish uchun no-till texnologiyasi asosida ekin ekish texnikasi diski yordamida kesilgan mulcha. Foto: Aleksey Volkov.

Tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikning umumiy foydalari tuproqning kimyoviy, fizik va biologik holatini yaxshilaydi, suv sarfi va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytiradi. Biroq, eng qizig‘i shundaki, no-till texnologiyasi fermerlarning yoqilg‘i, texnika, mehnat resurslariga qiladigan sarf-xarajatlarini, shuningdek, vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi. Yerga ishlov berishning an’anaviy usullaridan voz kechish ekish oldidan talab etiladigan ishlarni taxminan ikki haftaga qisqartiradi, bu esa bir yilda ikkinchi ekinning hosildorligini oshirishga imkon beradi.

“Har bir ekin uchun yerga ishlov berishga 10−15 kun vaqt sarf qilinadi, — deydi Aleksey Volkov. — No-till texnologiyasida, ikki martalik ishlov berishdan voz kechish natijasida, hosilning pishib yetilishi uchun deyarli 30 kun vaqt qo‘shiladi: u pishib yetilish uchun ko‘proq issiq harorat va ko‘proq vaqtga ega bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, yo hosilni ertaroq yig‘ib olish mumkin, yoki u yanada kuchliroq va yog‘liroq bo‘lib yetiladi. Aytaylik, bug‘doyimiz qishki. U kuzda, qish oldidan ekilib, iyun oyida yig‘ib olinadi. No-till texnologiyasi asosida ekish hisobiga bug‘doyni iyun oyining birinchi yarmida yig‘ib olib, keyin esa ishlov berishga yana ikki hafta vaqt sarflamasdan, boshqa ekin ekilsa, ikkinchi hosil uzoqroq vaqt pishib yetilish imkoniga ega bo‘ladi va ko‘proq hosil beradi”.

Volkovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘pincha bug‘doydan keyin makkajo‘xori ekiladi. Yerga ishlov berish uchun vaqt yo‘qotilgani hisobiga, ba’zan ikkinchi hosil pishib yetilishga ulgurmaydi. No-till texnologiyasi asosida ekish ekinlarga bir oygacha qo‘shimcha vaqt beradi.

“Albatta, ikkita hosil kafolatlanmagan, bu ekinga bog‘liq. Biroq, no-till texnologiyasi asosida ekish sharoitida ko‘proq hosil olish imkoniyati an’anaviy ishlov berishdagiga qaraganda ko‘proq”, — deydi Aleksey Volkov.

Aleksey Volkov boshqa afzalliklar qatorida lalmi yerlarda dehqonchilik qiluvchi fermerlarning yog‘ingarchilikka bog‘lanib qolmasliklarini ko‘rsatadi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi lalmi yerlar.

“Bunday yerlarga tuproqqa ma’lum miqdordagi yog‘ingarchilik tushgandan keyingina [ekin] ekish mumkin. Fermerlar yerga ishlov berish ishlarini boshlay olmaydi, ekishni kech muddatlarga — oktabr, noyabr, ba’zan dekabrgacha kechiktiradi. Aksariyat hollarda ular [ekishga] ulgurmay ham qoladi, sababi birdaniga ko‘p miqdorda yog‘ingarchilik tushishi mumkin va bu yer bilan endi hech narsa qilib bo‘lmaydi. Lalmi yerlarga ega fermerlar ob-havo va yog‘ingarchilikka qattiq bog‘langan. No-till texnologiyasi sharoitida ular hech narsani kutishlari shart emas. Ekinni istalgan vaqtda ekishlari mumkin. Ilk yog‘ingarchilik tushishi bilan urug‘lar unib chiqa boshlaydi. Ekinlarning pishib yetilish muddati ham butunlay boshqacha. Hosildorlik ham yuqoriroq bo‘ladi, chunki o‘simliklar ko‘proq namlik, o‘sish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘ladi va ko‘proq kuch-quvvat yig‘adi. Lalmi yerlarda no-till texnologiyasidan foydalanish, ayniqsa, iqtisodiy nuqtai nazardan manfaatli”.

Sug‘oriladigan yerlarga kelsak, ular, aslida, yog‘ingarchilikka bog‘liq emas, deya tushuntiradi Aleksey Volkov. Ularni istalgan vaqtda sug‘orish mumkin, shunday ekan, istalgan vaqtda ishlov berish mumkin — asosiysi, o‘z vaqtida ekish.

“Biroq, bizning sharoitimizda sug‘orishda suvni tejash juda muhim. Sug‘orishda qanchalik ko‘p [suv] tejab qolinsa, boshqa yerlarni sug‘orish uchun ixtiyorimizda shunchalik ko‘p suvga ega bo‘lamiz. Ko‘proq yerlarni sug‘orish va ko‘proq hosil olish mumkin bo‘ladi”.

No-till texnologiyasiga o‘tishga nima to‘sqinlik qilmoqda?

An’anaviy dehqonchilikdan tuproqni muhofaza qiladigan dehonchilikka o‘tish yo‘lidagi asosiy to‘siq — bu yerdan foydalanishning ming yillik an’analari bo‘lib, ulardan voz kechish kerak. O‘tish muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun fermerlar, olimlar va siyosatchilar yerga omochli traktorlar emas, balki o‘simlik ildizlari, tuproq organizmlari, tuproq qatlamlarining muzlash va erish davrlari vositasida ishlov berish mumkinligiga ishonishlari lozim — tabiatning o‘zi buning uddasidan chiqishiga hamma ishonishi lozim. Unga shunchaki yordam zarur.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Foto: Hotam Mamadaliyev / O‘zA.

“No-till texnologiyasiga ishonish uchun dalalar chetidagi hech qachon shudgor qilinmagan yumshoq tuproqqa nazar tashlash kifoya. U yerda yovvoyi o‘simliklar qanday shiddat bilan o‘sadi! U yerga paxta ekilsa, yaxshi o‘sib chiqadi — shudgorlangan daladagi paxta bilan bir taqqoslab ko‘ring”, — deydi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari.

Yana bir to‘siq — fermerlarning qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish imkoniyati cheklangan. Qoida tariqasida, texnika birinchi navbatda strategik ekinlar — bug‘doy va paxta ekish uchun ajratiladi. Yerga ishlov berishga ko‘p vaqt sarflanadi. Ba’zida fermerlar barcha amaliyotlar va barcha yerlar uchun yetarli texnikaga ega bo‘lmagani sabab ekishga kechikadi. Kech ekish ekinning pishib yetilishi uchun zarur bo‘lgan vaqtni “o‘g‘irlaydi”, bundan kelib chiqadiki, fermerlar o‘z mehnatidan foyda olmaydi. No-till texnologiyasi asosida ekish sharoitida bu muammo bartaraf etiladi.

Qishloq xo‘jaligida rejali iqtisodiyot strategik ekinlarni yetishtiruvchi fermerlar ko‘proq ma’muriy yordam olishini nazarda tutadi. Biroq, no-till texnologiyasi sharoitida ham qo‘llab-quvvatlash zarur — bu oziq-ovqat xavfsizligi masalasi, deydi Aleksey Volkov.

Begona o‘tlar

An’anaviy dehqonchilikda fermerlar begona o‘tlarni qishloq xo‘jaligi texnikasi yordamida dalalarga ishlov berish jarayonida jismonan yo‘q qiladi. No-till texnologiyasida buning imkoni yo‘q, shuning uchun “fermerlardan har bir begona o‘tni nomma-nom tanishi va har bir begona o‘tga mos keladigan gerbitsidlarni bilishi talab etiladi”, deydi Aleksey Volkov.

“„Gerbitsid“ ekologik toza emasdek tuyulishi mumkin. Biroq, bunda begona o‘tlar hatto tuproq unumdorligini oshirishi mumkinligini tushunish lozim. Bu ham xuddi shunday organika. Gerbitsidlarni to‘g‘ri qo‘llash orqali begona o‘tlarni to‘g‘ri boshqarish ularni yo‘q qiladi, o‘sishiga yo‘l qo‘ymaydi, biroq barcha biomassani bu o‘simliklarni chirindiga aylantiruvchi tuproq mikrofaunasining tarelkasiga tortadi”, — ta’kidlaydi Aleksey Volkov.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim fermerlar hatto begona o‘tlarga e’tibor bermaslikni afzal ko‘radi. Tuproq butunlay mulcha bilan qoplanishi natijasida begona o‘tlar butunlay yo‘qoladi yoki uch yildan keyin muammo bo‘lmay qoladi.

“Mulcha ostida yorug‘lik bo‘lmaydi, harorat ustki qatlamdagidan pastroq va begona o‘tlar urug‘lari shunchaki unib chiqa olmaydi, — deya tushuntiradi Aleksey Volkov. — Bundan kelib chiqadiki, erta bahor payti ekish oldidan, begona o‘tlar unib chiqishi kerak bo‘lgan paytda ular bo‘lmaydi, sababi yosh avlod bo‘g‘ilib halok bo‘ladi. Harorat, yorug‘lik va namlik ekinni ekishga imkon berishi bilanoq, ekasiz. Va u begona o‘tlar ustidan g‘alab qiladi, shunchaki ko‘proq bo‘lgani uchun — bu raqobat”.

Kasalliklar

Turli xil o‘simlik kasalliklari har qanday ishlov berish usuli sharoitida hosil uchun katta xavf tug‘diradi. An’anaviy dehqonchilikda almashlab ekish mavjud bo‘lmagan sharoitda tuproqda zararli mikroorganizmlar va bir turdagi ekinga moslashgan patogenlar yig‘ilib qoladi. Ularga qarshi kimyoviy moddalar vositasida kurashilmagan taqdirda bo‘lajak hosilga tahdid soladi.

No-till texnologiyasi sharoitida, kasalliklar o‘simlik qoldiqlarida qolib ketishi va to‘liq parchalanmagan qoldiqlardan yangi unib chiqayotgan o‘simliklarga tarqalishi mumkin.

Biroq har qanday vaziyatda no-till texnologiyasining zarur sharti bo‘lgan almashlab ekishni joriy qilish orqali buning oldini olish mumkin. Almashlab ekish kasalliklarga qarshi kurashishga yordam beradi, chunki turli o‘simliklarning turli ildiz tizimlari mikroorganizmlar va tuproqda yashovchilarning turli jamoalarini hosil qiladi. Ular zararli patogenlarning tuproqda havf tug‘diradigan hajmlarda yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.

O‘zbekistonda no-till texnologiyasi asosida ekishning joriy etilishi

GEF KGD Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikni joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etdi.

Ana shunday loyihalardan biri G‘alla va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli G‘allaorol ilmiy tajriba stansiyasining lalmi yerlarida amalga oshirilgan. Bu yerlar nihoyatda qurg‘oqchil bo‘lib, faqat sug‘orilmaydigan ekinlar yetishtirishgagina yaroqli.

Loyihani amalga oshirish uchun 2019-yilda GEF KGD institut uchun Braziliyada ishlab chiqarilgan, har birining qiymati 25 ming dollarni tashkil etuvchi no-till texnologiyasi asosida ekin ekishga mo‘ljallangan ikkita qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib oldi. Loyihaning iqtisodiy tahlili shuni ko‘rsatdiki, agar texnika sotib olish xarajatlari hajmini 1 gektar ishlov berilgan maydonga to‘g‘ri keladigan ulushi hisobida olinsa, har yili har gektarga atigi 86 ming so‘mni tashkil etadi.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

G‘alla va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli G‘allaorol ilmiy tajriba stansiyasining lalmi yerlariga no-till texnologiyasi asosida ekilgan soya.

An’anaviy ishlov berish bilan solishtirganda no-till texnologiyasi asosida ekish mehnat, yoqilg‘i-moylash materiallari va texnik jihozlar sarfini 30−40 foizga qisqartirish, bug‘doy hosilini 25 foizga, sof foydani esa 50 foizga oshirish imkonini berdi.

Aleksey Volkovning ogohlantirishicha, no-till texnologiyasi asosida ekishdan foydalanishning dastlabki yillarida ekin hosildorligi birmuncha past bo‘lishi mumkin, chunki tuproq tiklanishi uchun vaqt talab etiladi.

“Tuproq sog‘lomlashishi, yashashni boshlashi, mikroorganizmlar paydo bo‘lishi kerak, u „yumshashi“ kerak, — deya tushuntiradi u. — An'anaviy ishlov berishda tuproq borona va chizel (maxsus traktor agregatlari — tahr.) yordamida yumshatiladi. No-till texnologiyasi sharoitida tuproq mulchalash va mikroorganizmlarning ishlashi, qurtlar, chirish va tuproqdagi biologik aloqalarni tiklash tufayli shunday holga keladi. Tuproq qanchalik tirik bo‘lsa, u shimgichga o‘xshaydi. O‘rtacha hisobda buning uchun besh yil vaqt talab etiladi”.

Hosildorlikning biroz pasayishi bilan bir qatorda rentabellik oshadi, deb davom etadi Aleksey Volkov. No-till texnologiyasi sharoitida fermerlar dalalarga ishlov berishda bir nechta amaliyotlar uchun texnikani ijaraga olishlariga hojat qolmaydi, mehnatga haq to‘lash shart bo‘lmaydi, yoqilg‘i xarajatlari qisqaradi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning o‘zida asbob-uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, no-till texnologiyasi texnikasini sotib olish xarajatlarini qisqartirish mumkin. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti 90 yildan buyon mamlakatimizda ana shunday texnikani ishlab chiqish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Institut xodimlari qishloq xo‘jaligining turli jarayonlarini mexanizatsiyalash uchun yangi texnologiya va asbob-uskunalar ixtiro qilmoqda, shuningdek, xorijdan keltirilgan uskunalarni mahalliy sharoitga moslashtirmoqda.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin ilmiy-tadqiqot instituti bir nechta sexlar va zavodlaridan mahrum bo‘ldi, ixtiyorida faqat minimal asboblar to‘plamidan foydalangan holda turli agregatlarni ishlab chiqaradigan ustaxonalargina qoldi. Institut faoliyati Qishloq xo‘jaligi vazirligining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi, biroq moliyalashtirish faqatgina tadqiqot instituti xodimlarining yarmini tashkil qiluvchi ilmiy xodimlarning ish haqinigina qoplaydi.

Institutning asosiy xarajatlari beshta hududiy melioratsiya markazlari — fermerlarga qishloq xo‘jaligi texnikalarini ijaraga beruvchi tashkilotlarning daromadlari hisobidan qoplanadi. Ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy faoliyat va tadqiqotlar uchun mablag‘ yo‘q. Shu sababli, tashkilot GEF KGDga texnologiya ixtirosi, shu jumladan, no-till texnologiyasi asosida ishlov berishga imkon beruvchi texnikalar sotib olish iltimosi bilan murojaat qildi.

Mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikka mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi texnikasini ixtiro qilish uchun GEF KGD tomonidan sotib olingan uskunani yetkazib berish jarayoni. Foto: GEF KGD Telegram-kanaliMexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikka mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi texnikasini ixtiro qilish uchun GEF KGD tomonidan sotib olingan uskunani yetkazib berish jarayoni. Foto: GEF KGD Telegram-kanali

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi yangi ishlanmalar va tadqiqotlarni moliyalashtirmaydi. Ularni faqat Innovatsiya vazirligi va xalqaro tashkilotlar, jumladan, GEF KGD tomonidan ajratiladigan grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirish mumkin.

“Mamlakat rahbariyati suvni tejash haqida bosh qotira boshladi, shuning uchun tuproqni muhofaza qiladigan dehqonchilikka o‘tish, tuproq nimani xohlashi, yetishtirilayotgan ekinlar nimani xohlashini to‘g‘risida o‘ylash juda muhim”, — deya tushuntiradi Volkov.

barqaror dehqonchilik, chang bo‘ronlari, gej kgd, iqlim o‘zgarishi, kichik grantlar dasturi, qishloq xo‘jaligi, suv tanqisligi, tuproq unumdorligi

Mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutidagi no-till texnologiyasi asosida ekishga mo‘ljallangan texnika.

No-till texnologiyasiga o‘tishda puxta rejalashtirish zarur. Kutilmagan shoklarning oldini olish uchun GEF KGD o‘zgarishlarga bosqichma-bosqich yaqinlashishni tavsiya qiladi (yo‘riqnoma). Bundan tashqari, yerga ishlov berish usullarini tubdan o‘zgartirish o‘rganishlarni talab qiladi: ekin qoldiqlarini qanday boshqarish, almashlab ekish va begona o‘tlarga qarshi to‘g‘ri kurashishni o‘rganish kerak, deydi Aleksey Volkov.

“Barcha qiyinchiliklarga qaramay, o‘tishni amalga oshirish zarur, uni boshlash lozim, sababi, pirovardida, yo‘nalishni o‘zgartirish mamlakat uchun kubometrlab suvni tejash, tuproq unumdorligini oshirish va katta daromad olish imkonini beradi. Buni hisoblab chiqish oson emas, lekin bu real voqelikda mutlaqo imkonli”, — deydi Aleksey Volkov.