Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 19-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Toshkent shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qatar amiri tashabbusi bilan ta’sis etilgan mukofot bilan 2016-yildan buyon har yili global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashga qo‘shgan hissasining e’tirofi sifatida taniqli jamoat arboblari, ekspertlar va jurnalistlar taqdirlab kelmoqda.

Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar ham bo‘lib o‘tadi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 1−2-oktabr kunlaridagi Qatarga davlat tashrifi davomida, eng avvalo, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Prezident 15-dekabr kuni Qatar qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha markazi Vasiylik kengashi raisi Al Muhsin al-Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.