15-dekabrdan 16-dekabrga o‘tar kechasi Namangan viloyati Yangi Namangan tumanida bir oilaning 4 a’zosi is gazidan zaharlandi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

M.M. (1975-yilda tug‘ilgan, erkak), uning turmush o‘rtog‘i K.K. (1982-yilda tug‘ilgan) hamda ularning 19 va 14 yoshli qiz farzandlari oshxonadagi gaz plita orqali rezina shlang bilan zavod usulida tayyorlangan “Eron pechkasi”ga ulanib, undan tabiiy gaz isi chiqishi oqibatida zaharlangan va vafot etgan.

Holat sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy va boshqa turdagi tegishli ekspertizalar tayinlandi, tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruvni olib bormoqda.