2060-yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyotiga ortiqcha vazn va semirib ketishdan tushadigan xarajatlar 21,6 milliard dollargacha oshadi, bu aholi jon boshiga 490 dollar va YAIMning 4,7 foiziga to‘g‘ri keladi. Raqamlar umumiy xarajatlarning 12 barobar o‘sishini anglatadi.

Bu bo‘yicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jahon banki, JSST va Butunjahon semizlikka qarshi kurashish federatsiyasi (WOF) ma’lumotlari asosida ortiqcha vazn va semirishning O‘zbekiston uchun iqtisodiy oqibatlarini tahlil qildi.

O‘zbekistonda o‘rtacha Tana massasi indeksi (TMI) 1991-yildan buyon har yili 0,12 punktga oshdi va 2006-yilda har kvadrat metr uchun 25 kg ga yetdi.

Tana massasi indeksi quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadi: tana vazni kilogrammda / bo‘y esa kvadrat metrda. Erkaklar uchun ideal tana vazni indeks bo‘yicha 23, ayollar uchun esa 21,5 ni tashkil etadi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda o‘rtacha TMI har kvadrat metr uchun 26,5 kg ni tashkil qiladi, bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Yuqori TMI yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, tayanch-harakatlanish tizimi kasalliklari va saraton kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning asosiy xavf omillaridan biridir.

WOF ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 va 2060-yillarga kelib, ortiqcha vaznli yoki semirib ketgan kattalar ulushi mos ravishda 59% va 80% gacha oshadi. Semizlik bilan kasallangan kattalar ulushi 2020-yildagi 18,9 foizdan 2030-yilga kelib 25 foizga va 2060-yilga kelib 50 foizga oshadi.

Dekabr oyi boshida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi JSSTga tayanib, O‘zbekiston aholisining 18−64 yoshdagilar orasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yarmi og‘ir vaznli, 20 foizi semiz hisoblanishi haqida xabar bergandi. 46 foizining qonida esa xolesterin miqdori oshgan.

Bundan tashqari, har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) yetarli miqdorda (400 grammdan kam) sabzavot va mevalar iste’mol qilmaydi. Aholining o‘rtacha tuz iste’moli kuniga 14,9 grammni tashkil etadi. Bu JSST tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 3 baravar ko‘p (kuniga 5 grammdan oshmasligi lozim) deganidir.