Toshkent metrosining “Yerusti halqa yo‘li” yo‘nalishidagi 2 ta yangi metro bekatini qurish ishlari yakunlandi, deya xabar bermoqda metropoliten matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesiga qadar qurilayotgan “Turon” (13-bekat) va “Qipchoq” (14-bekat) bekatlarida 15-dekabr kunidan boshlab sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.

Sinov muddati yakuni va yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatishning boshlanish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar sinov natijalari asosida qo‘shimcha taqdim etiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida mazkur yo‘nalishdagi beshta yangi bekat (8−12) yo‘lovchilar uchun ochilgandi. Stansiyalarning interer dizayni, tematik bezakli “Paralimpiya harakati” stansiyasidan tashqari, boshqalar bilan bir xil. Stansiyalar qanday ko‘rinishga egaligi — “Gazeta.uz” fotoreportajida.