Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatidagi bog‘chalarning birida mashg‘ulot payti muassasa xodimlari tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi.

Unda tarbiyachilardan biri bolalarning qo‘li va qulog‘idan tortib sudragani, yana biri esa ularni tepganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, tasvirda bolalar tayoq bilan kaltaklangani ham ko‘ringan.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat Urganch tumani 23-sonli MTTda sodir bo‘lgan. Yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun tashkilotning yordamchi tarbiyachilari R.M. va A.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Avvalroq viloyatning Xonqa tumanidagi xususiy bog‘chalarning birida tarbiyachi bolalarni kaltaklayotgani aks etgan video tarqalgandi. Boshqarma xodim ishdan bo‘shatilganini bildirgan.