Eron Turizm vazirligining ayrim davlatlar uchun vizani bekor qilish bo‘yicha taklifi mamlakat hukumati tomonidan ma’qullandi, deya ma’lum qildi turizm vaziri Ezzatollah Zarg‘amiy. Bu haqda Tehran times xabar qildi.

Qayd etilishicha, viza rejimi Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Quvayt, Indoneziya, Bruney, Yaponiya, Singapur, Kambodja, Malayziya, Vetnam, Braziliya, Peru, Kuba, Meksika, Boliviya, Venesuela, Bosniya va Gertsegovina, Serbiya, Xorvatiya, Belarus, Livan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Tunis, Mavritaniya, Tanzaniya, Zimbabve, Mavrikiy va Seyshel orollari uchun bir tomonlama bekor qilinadi.

Zarg‘amiyning ta’kidlashicha, Islom respublikasi dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlarga o‘z eshiklarini ochishga va ular mamlakatning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga tayyor.

“Ushbu qaror Eronda turizmni rivojlantirishning yangi davrini boshlab beradi va mamlakatga nisbatan qaratilgan salbiy targ‘ibot hamda eronofobiyani oldini olishga yordam beradi”, — dedi Zarg‘ami.

“Biz turizm butun dunyodagi barcha odamlarning huquqi ekanligiga ishonamiz va Eron tarixiy ahamiyati, tabiati, ekoturizmi, mehmondo‘stligi va sog‘lomlashtirish turizmi jihatidan eng go‘zal mamlakatlardan biri hisoblanadi”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Statistikaga ko‘ra, joriy Eron yilining (yil 2024-yilning 21-martida tugaydi) birinchi olti oyida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar, jumladan, Tojikiston, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan tashrif buyuruvchilarning soni o‘tgan yilga nisbatan 1,1 millionga yoki 55 foizga oshgan.