O‘zbekistonda noyabr oyida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va 13,6 foizni tashkil etdi (oktabrda 13,7 foiz). Biznes kutilmalari esa o‘tgan oyga qaraganda sezilarli pasayib, 13,1 foizga teng bo‘ldi (oktabrda 14,4 foiz). Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan infografikada ma’lumot berilgan.

Aholi narxlarning ko‘tarilishiga eng ko‘p valyuta kursidagi o‘zgarishlar hamda yoqilg‘i hamda energiya narxidagi o‘zgarishlar ta’sir qilishini kutmoqda. Shunga qaramay, bunday xavotir bildirgan respondentlar ulushi oktabr oyiga nisbatan kamaygan. Ish haqi va nafaqalar oshishini asosiy omil sifatida ko‘rsatganlar ulushi esa sezilarli ko‘paydi (24 foizdan 38 foizga).

Tadbirkorlik subyektlari kutilmalarida ham ayni holat kuzatilgan. Ularda narxlarning ko‘tarilishiga eng ko‘p valyuta kursidagi o‘zgarishlar hamda yoqilg‘i hamda energiya narxidagi o‘zgarishlar ta’sir qiladi, degan kutilma saqlanib turibdi. Lekin yoqilg‘i va energiya qimmatlashuvi omilini ko‘rsatgan respondentlar ulushi kamaygan (47 foizdan 40 foizgacha). Ish haqi va nafaqalar oshishi omilini belgilaganlar 24 foizdan 37 foizgacha oshgan.

So‘ronomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma pensionerlar (15,9 foiz) va ta’lim sohasida (14,3 foiz) ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani turizm sohasida faoliyat yurituvchilar belgilagan. Tadbirkorlik subyektlari orasida eng pessimistik kutilma ishlab chiqarish (13,9) va marketing (13,5) sohasida, eng optimistik kutilma esa hunarmandchilik (11,8) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

aholi, бизнес, inflyatsion kutilmalar, марказий bank ставкаси

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (15,7 foiz), Samarqand viloyatida (14,9 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past kutilmalar Navoiy viloyati (11,4 foiz) va Qoraqalpog‘istonga (11,7 foiz) to‘g‘ri kelgan. Biznesning kutilmalari esa Samarqand (15,6) va Sirdaryo (14,6 foiz) viloyatlarida eng baland, Xorazm (11,1 foiz) va Navoiy (10 foiz) viloyatlarida esa eng past.

aholi, бизнес, inflyatsion kutilmalar, марказий bank ставкаси

Daromadlar kesimida esa vaziyat quyidagicha: 7 mln so‘mdan ko‘p daromadga ega aholining kutilmalari o‘rtachadan yuqori shakllangan. 2−3 mln so‘m oralig‘ida bo‘lganlarning kutilmalari ham o‘rtachadan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.

aholi, бизнес, inflyatsion kutilmalar, марказий bank ставкаси

Inflyatsiya 8 foiz va undan kamroq bo‘lishini kutayotgan respondentlar ulushi Toshkent shahrida eng kam (24 foiz), Qoraqalpog‘istonda esa eng ko‘p (49 foiz) bo‘lgan.