Husnutdin Xosilov “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Sobiq kompaniya raisi iyul oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingandi.

Prezident o‘shanda Husnutdin Xosilov bilan bir qatorda avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “O‘zsuvta’minot” rahbarlari, suv xo‘jaligi va transport vazirlari o‘rinbosarlari ishdan olinganini e’lon qilar ekan, “xiyonat qilganga o‘rin yo‘q”, deya ta’kidlagandi.

“Men ishlagan, xato qilgan odamni kechiraman, lekin xiyonat qilgan odamni hech qachon kechirmayman”, — degandi davlat rahbari.

Husnutdin Xosilov 1970-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1992-yilda Toshkent temiryo‘l muhandislari institutini injener-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida “O‘zinterservis” qo‘shma korxonasi, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK, Vazirlar Mahkamasi departamentida turli lavozimlarda ishlagan.

2016-yil apreldan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining bosh menejer — bosh muhandisi lavozimida ishlay boshlagan. U 2019-yilning fevralida 2002-yildan buyon kompaniya boshqaruv raisi sifatida ishlab kelgan Ochilboy Ramatov o‘rnini egallagan.

Eslatib o‘tamiz, u 2022-yilning 21-oktabrida ham ogohlantirilgan.