Koreys matbuotida til o‘rganish kursida tahsil olayotgan 20 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba 27-noyabr kuni aldov yo‘li bilan avtobusga mindirilib, vataniga qaytarib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi oliygoh rahbariyati bilan bog‘lanib, munosabat bildirdi.

O‘zbekistonlik talabalar mazkur oliygohda 2023-yil sentabr oyidan til kursida o‘qishni boshlagan. Ularga o‘qishni boshlash arafasida universitet rahbariyati tomonidan mazkur muassasada o‘qish va yotoqxonada istiqomat qilish bilan bog‘liq tartib-qoidalar tushuntirilgan, mamlakatda bo‘lish qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirilgan.

Vakolatxonaning qayd etishicha, shunga qaramay, o‘qish boshlanishi bilan o‘zbekistonlik talabalar orasida universitet ichki tartib-qoidalariga amal qilmaslik, Koreya immigratsiya qoidalariga muvofiq universitet tomonidan so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmaslik, ruxsatsiz va noqonuniy mehnat faoliyatini yuritish va buning oqibatida darslarga qatnashmaslik hollari keskin ko‘paygan.

Ushbu holatning oldini olish maqsadida barcha talabalardan 8-noyabr kuni qoidalarga amal qilish bo‘yicha majburiyat xati olingan. Bunday holat yana takrorlansa, ularga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi bildirilgan.

“Lekin talabalar qoidalarni buzishda davom etavergan. Xususan, universitetda tahsil olayotgan 8 nafar talaba 14-noyabr kuni noqonuniy ravishda ishlab qaytayotgan vaqtda avtomashinada avtohalokatga uchragan. Oqibatda ushbu hodisa Koreya matbuoti va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Avtohalokat oqibatida jabr ko‘rgan talabalarning tibbiy sug‘urtasi yo‘qligiga qaramasdan, ularning tibbiy ko‘rigi va muolajalari uchun kerak bo‘lgan barcha xarajatlar universitet hisobidan qoplangan.

Koreyada yashash huquqini beruvchi hujjat (ID-karta) olishga ulgurmasdan bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirgani uchun Pyongtek shahri immigratsiya xizmati taqdimnomasiga ko‘ra talabalarni universitetdan chetlatish bo‘yicha qaror qabul qilingan. 27-noyabr kuni 22 nafar o‘zbekistonlik talaba Koreya hududidan chiqarib yuborilgan.

Vakolatxona bunday harakatlar Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga viza berish tartibini murakkablashtirishi, talabalarning Koreyaga o‘qishga qabul qilish jarayonini qiyinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ayni paytda talabalarning Hanshin universiteti tomonidan majburan chiqarib yuborilgan holatining qonuniyligini aniqlash borasida mamlakat huquq-tartibot idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Shu o‘rinda, vakolatxona Koreyada o‘qiyotgan, ishlayotgan, vaqtincha yashayotgan fuqarolarga murojaat qilib, u yerda bo‘lish qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilishga, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmaslikka, avtomobil vositalarini hujjatsiz boshqarishdan saqlanishga chaqirdi.