14-dekabr kuni soat 11:10 atrofida noqulay ob-havo Namangan aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.

Ko‘rish masofasining yomonlashishi (250 metr) Rossiyaning Red Wings aviakompaniyasi reysini Farg‘onadagi muqobil aerodromga yo‘naltirishga sabab bo‘lgan. Maxachqal’a — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan RA1123 reysi kutish hududida bo‘lganidan so‘ng Farg‘ona xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan.

Bortida 76 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 10:21 da Farg‘ona aeroportiga qo‘ngan. Yaqin soatlarda yo‘lovchilar Namangan aeroportiga yerusti transporti orqali yetkaziladi, deyiladi xabarda.

Red Wings aviakompaniyasining Namangan — Maxachqal’a yo‘nalishi bo‘yicha RA1124 reysi Farg‘ona aeroportidan amalga oshiriladi. Shuningdek, yo‘lovchilar Namangan shahridan belgilangan aeroportga yerusti transportida yetkaziladi.