Toshkent shahri Uchtepa tumanida Yutong rusumli elektrobus beton ustunga urilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning 14-dekabr kuni soat 09:15 larda, “18-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi Yutong rusumli 53-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi A.A. (ish tajribasi 7 yil) boshqaruvidagi elektrobus Uchtepa tumani O‘rikzor mahallasi Zarafshon ko‘chasida yo‘ldagi muzlama sabab boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chetidagi simyog‘ochga urilgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Elektrobus texnik shikastlangan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.