Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan respublikaning barcha hududlarida iste’molchilarning elektr energiyasidan samarali va oqilona foydalanishlarini ta’minlash maqsadida targ‘ibot-tashviqot hamda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Bu iste’molchilarning ushbu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlariga, shuningdek, tarmoqlarda yuklamalar ortib ketishining oldini olishga va barcha iste’molchilarni energiya bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi, deya ta’kidladi vazirlik.

E’lon qilingan suratlarda reklama lavhalari, daraxtlarga ilingan yoritkichlar va dorixona, ovqatlanish shoxobchalari yozuvidagi chiroqlar, ko‘cha yoritkichlari o‘chirilganini ko‘rish mumkin.

Tadbirkorlik subyektlaridan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borgan paytda undan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanish, zarur bo‘lmagan hollarda, elektr qurilmalarini tarmoqdan ajratib qo‘yish so‘raldi.

Vazirlik, shuningdek, elektrni behuda sarflash javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.

Bu uchun mansabdor shaxslarga nisbatan BHM (340 ming so‘m)ning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1 mln 700 ming so‘mdan 5 mln 100 ming so‘mgacha) miqdorda jarima borligi ta’kidlandi.