Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev navbatdan tashqari prezidentlik saylovini 2024-yil 7-fevralga belgilash to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi, deb xabar bermoqda Report agentligi.

Markaziy saylov komissiyasiga saylovning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlash vazifasi yuklandi.

Ozarbayjon konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat prezidenti yetti yillik muddatga saylanadi. Aliyevning davlat rahbari sifatidagi amaldagi muddati 2025-yilning aprelida — prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan paytda tugaydi.

Mamlakatda 2018-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi prezidentlik saylovi ham navbatdan tashqari o‘tkazilgan.

Turan agentligiga bergan munosabatida Yeni Azərbaycan hukmron partiyasi a’zosi, deputat Nagif Gamzayev navbatdan tashqari prezidentlik saylovini o‘tkazish zarurati mintaqadagi “turfa xil va tezlashgan jarayonlar” fonida paydo bo‘lganini, bu esa “tezkor qadamlar”ni talab qilganini aytdi.

Muxolifatchi “Musavat” partiyasi rahbari Orif Hojilining ta’kidlashicha, odatda mamlakatda inqirozli vaziyat yuzaga kelganda navbatdan tashqari parlament yoki prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi, biroq “hozirda Ozarbayjonda siyosiy inqiroz kuzatilayotgani yo‘q”. Uning qo‘shimcha qilishicha, saylovgacha bo‘lgan ikki oylik muddat saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun juda qisqa vaqt hisoblanadi.

Ozarbayjon xalq fronti partiyasi rahbari Ali Karimlining yozishicha, navbatdan tashqari saylovni jamoatchilik muhokamasisiz belgilash “rejimning bu saylovlarni soxtalashtirishga tayyorgarligi”dir.

BBC rus xizmatining qayd etishicha, Ozarbayjonga 20 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan Aliyevning o‘zi haligacha bu qarori sababini tushuntirmagan.