Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Oliy sud va Surxondaryo viloyat sudining pora olishda gumonlangan xodimlarini qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati katta konsultanti fuqarodan 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

U muqaddam sudlangan 2 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan jinoyat ishini Farg‘ona viloyat sudiga o‘tkazgan holda, ularning oqlanishiga yordam berishni va’da qilgan.

Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning appelyatsiya bosqichida ko‘rilayotgan da’vo arizalarini sudyalar orqali ijobiy hal qilib berishini aytgan. Evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida sudya katta yordamchisi muqaddam tadbirkorning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2 ming dollar talab qilib, 600 dollari olgani ham ma’lum bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.