6-dekabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun 100 million dollar miqdorida siyosat choralariga asoslangan qarz ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, bankning Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturi xususiy sektorni rivojlantirishga asoslangan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda kichik va o‘rta korxonalarning COVID-19 pandemiyasi oqibatida bo‘lgani kabi iqtisodiy zarbalarga chidamliligini oshirish uchun ularning faoliyat muhitini yaxshilashga qartilgan. Bu dastur doirasidagi ikkinchi kichik dastur bo‘lib, birinchisi hukumat tomonidan amalga oshirilgan siyosat, tartibga solish va institutsional islohotlarga asoslanadi.

“Dastur OTBning O‘zbekistondagi kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli navbatdagi qadamidir. Mamlakat davlat iqtisodiyotidan oqilona umumiy makroiqtisodiy yondashuvga asoslangan bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha asosiy tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom etar ekan, kichik va o‘rta korxonalar diversifikatsiyalangan iqtisodiy o‘sishni, samaradorlikni va qo‘shimcha qiymatga ega rasmiy bandlikni jadallashtirishda muhim rol o‘ynaydi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

OTB dasturi O‘zbekiston hukumatini yuqori foiz stavkalari va yuqori garov talablariga ega banklar hukmronlik qiladigan moliya sektorida kichik va o‘rta korxonalar o‘z rivojlanishining turli bosqichlari uchun zarur bo‘lgan moliya shakllaridan foydalanishda ular duch keladigan muammolarni har tomonlama hal etishda qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi bann xabarida.

Dastur biznes yuritish xarajatlarini oshiradigan va ayollar biznesiga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadigan tartibga solish va ma’muriy yuklarni yengillashtirishga yordam berishi ko‘zlangan. Bu eksport mahsulotlari va bozorlarni diversifikatsiya qilish, shuningdek, raqamlashtirish orqali samaradorlikni, kichik va o‘rta korxonalarning savdo raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, bozor talablariga javob beradigan ko‘nikmalarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarning bunday ko‘nikmalarini ish bilan ta’minlanishi imkoniyalarini oshirish uchun rivojlantirishga ko‘maklashadi.

“Dastur doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kichik va o‘rta korxonalarning o‘sishi va rasmiylashtirilishini rag‘batlantiradi va o‘z navbatida soliqqa tortish bazasini kengaytirish va ichki resurslarni safarbar qilishga yordam beradi”, — dedi OTBning Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Priyanka Soud.

O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10,8 mlrd dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.