O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi 3-dekabr kuni Dubayda bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi 28-sessiyasi doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan qiymati 9 mln yevrolik (grand mablag‘i) kelishuv imzoladi. Kelishuv O‘zbekistonda “yashil” sanoatlashtirish bo‘yicha xususiy sektor salohiyatini oshirish hamda iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuv loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi nomidan vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan esa Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturlar klasteri koordinatori Torsten Brezina ishtirok etgan.

Uchrashuvda O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish loyihasi va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuv jarayonlari muhokama qilingan.

“Uning doirasida sanoat tarmoqlari hamda ularni keyinchalik “yashil”ga o‘tkazish uchun obyektlarni aniqlash taklif etilmoqda. Ushbu loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlashda, ayniqsa, “yashil” sanoatlashtirish va “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha davlat va xususiy sektor salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishda ko‘mak beradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Taklif etilayotgan loyiha intensiv salohiyatni oshirish, ish joyida o‘qitish, xalqaro aloqalar va bilimlarni uzatish orqali barqaror “yashil” iqtisodiyot va sanoat siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.

Loyiha issiqxona gazlarini o‘lchash va sertifikatlash bo‘yicha ekspert bilimlarini taqdim etadi, O‘zbekistonning SO2 sertifikatlari bilan xalqaro savdoda ishtirok etishini va Yevropa ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmiga moslashishini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususiy sektor resurslarni tejaydigan, barqaror ishlab chiqarish uchun “yashil” texnologiyalarni moslashtirishda, masalan, aylanma (sirkular) iqtisodiyot va “yashil” sanoat parklari modellari doirasida qo‘llab-quvvatlanadi.

Loyiha doirasida iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga juda moyil bo‘lgan hududlar hamda tarmoqlarni tanlash kutilmoqda.