Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 47-maktab hovlisidan ayol kishining jasadi topildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, murda 1-dekabr kuni soat 7:30 atrofida topilgan. Ayol Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida yashovchi M.M. bo‘lgan.

44 yoshli ayol vaqtinchalik ishsiz bo‘lib, Toshkent ko‘chalarida yashab kelgan, deyiladi xabarda.

Murdaga o‘sha kunning o‘zida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, M.M. ning o‘limi “surunkali yurak ishemik kasalligi, kardioskleroz, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, alkogoldan o‘tkir zaharlanish, bosh, yuqori va pastki lab yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, pastki lab ezilib yirtilgan yarasi, yuz, tana, qo‘l va oyoq sohalari qontalashmalari va teri shilinmalari, ichki a’zolari to‘laqonligi” oqibatida vujudga kelgan.

Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.