1-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi A.Ergashev e’lon qilgan hukmga ko‘ra, 34 yoshli bloger, Turon mujdasi va Turon valley media MCHJlari direktori Olimjon Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarildi.

U Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (Haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Blogerga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi blogerga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatildi.

Jabrlanuvchi S.M. ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagani sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.

“Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjud”, — deyiladi xabarda.