2023-yilning 30-noyabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II global forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong va YeXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Pia Kauma videomurojaat bilan ishtirok etdi, O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari a’zolari, MDH Parlament Assambleyasi raisi Valentina Matviyenko, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi bosh kotibi Mexmet Sureyya Er, xorijiy mamlakatlar parlamentlari rahbarlari, parlamentlararo tashkilotlar, Yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda onlayn tarzda ishtirok etdi.

Forum avvalida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.

Forumni O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari kirish so‘zi bilan ochib, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratdi.

“Fuqarolik jamiyat institutlarining rivojlanish darajasi hali bizni qoniqtirmaydi. Milliy maqsadlarga erishishda, jamiyatdagi mas’uliyat va safarbarlik hissini yanada kuchaytirishimiz lozim. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida kurashga safarbar bo‘lishlari kerak. O‘zbekistonda barqaror rivojlanish doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar ham eng avvalo ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan”, — dedi nutqida Tanzila Narbayeva.

O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan 2022-yil 14-dekabrda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya hamda milliy maqsadlar doirasida olib borilayotgan islohotlarga e’tibor qaratildi.

Anjuman ishi “2030-yilgi Global kun tartibini samarali amalga oshirishga ko‘maklashishda parlament va parlamentlararo hamkorlikning roli”, “BRMga erishish jarayonini tezlashtirishda gender masalalariga yo‘naltirilgan va yoshlar siyosati” hamda “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirishda parlament va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik” mavzularidagi uchta sessiya doirasida tashkil etildi.

Birinchi sessiyada ishtirokchilar 2030-yilgi kun tartibini amalga oshirishda milliy parlamentning rolini, jumladan, O‘zbekiston tashabbuslari va rivojlantirish istiqbollarini, ikkinchi sessiyada esa parlament jarayonlarida xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishda milliy parlamentning rolini muhokama qildilar.

Uchinchi sessiyada esa Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati hamkorligini yanada mustahkamlash hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining Ixtiyoriy milliy hisobotlar va muqobil ma’ruzalarni tayyorlashdagi ishtiroki kabi masalalar ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.

Bundan tashqari, tadbir davomida O‘zbekiston faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida”gi BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi loyihasini BMTda ilgari surish taklifi barcha ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong o‘z videomurojaatida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II global forum yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi, ko‘rilayotgan masalalar, ulardan kelib chiqqan taklif va xulosalar parlament hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga ijobiy ta’sir qilishini aytib o‘tdi.

Forum yakuni bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikning muhim jihatlari qamrab olingan Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.

Kommyunikeda anjuman ishtirokchilari quyidagilarni amalga oshirishga chaqirilgan:

  • 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish borasida kuchlarni birlashtirish;
  • 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi amalga oshirilishini kuzatishda jamoatchilikning ishtirok etishi uchun parlament jarayonlari va imkoniyatlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish;
  • BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qabul qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash;
  • yoshi, jinsi, nogironligi, irqi, etnik mansubligi, kelib chiqishi, dini, iqtisodiy yoki boshqa mavqeidan qat’i nazar barcha shaxslarning yoki manfaatlarini ifodalovchi shaxslarning siyosiy jarayonda ishtirok etishini ta’minlash uchun barcha zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirish;
  • rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy rivojlanish strategiyasiga muvofiq ularni tashqaridan samarali va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hisobdorlikni va uni oqilona qo‘llash ustidan parlament nazoratini ta’minlash uchun parlamentlararo hamkorlik yo‘llaridan foydalanish;
  • Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z mandatlari doirasida qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilish va taqdim etish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini samarali amalga oshirish uchun davlat tomonidan, ayniqsa, daromadi past bo‘lgan mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, atrof muhitni himoya qilish uchun ajratiladigan moliyalashtirishni yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar qabul qilish;
  • fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi faoliyat jarayonlariga va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatish, ayniqsa ixtiyoriy milliy hisobotlarni tayyorlash jarayonlariga jalb qilinishiga ko‘maklashish va ko‘rib chiqish jarayonlariga, ayniqsa, ixtiyoriy milliy ko‘rib chiqish jarayonlariga jalb etishni ularga ko‘maklashish hamda ushbu jarayonlar doirasida milliy mas’uliyat va hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirishga hissa qo‘shish.

“Barcha parlament a’zolarini, fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, xayriya jamg‘armalari, xususiy sektor, ilmiy muassasalar va barcha darajadagi manfaatdor tomonlarni 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirish, ularga erishish bo‘yicha milliy va muqobil ma’ruzalarni tayyorlash jarayonida faol ishtirok etishga chaqiramiz”, — deyiladi kommyunikeda.