Paxtaobod tumani hokimi lavozimiga Babayev Shoyadbek Hasanboyevich tayinlandi, deya xabar bermoqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.

U mazkur lavozimda 2022-yilning oktabridan buyon ishlab kelayotgan Azizbek Latifjonov (sobiq favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari)ning o‘rnini egalladi.

Shoyadbek Babayev 1981-yilda Andijon viloyatining Xonobod shahrida tug‘ilgan. 2011-yilda Andijon qishloq xo‘jalik institutini (sirtqi), 2016-yilda Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatlari, Xo‘jaobod tumani hokimligi va qator vazirlikda rahbar lavozimlarida ishlagan.

Shu paytga qadar u Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining mashinasozlik va elektrotexnika sanoati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.