Toshkent metropolitenining “Xalqlar do‘stligi” bekatida ilk marotaba kaftni skanerlash orqali to‘lovni amalga oshirish tizimi ishga tushirildi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

“Gazeta.uz” avvalroq mazkur tizim tez orada ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, o‘tish joyida Palm ID — tomirlar tasviriga asoslangan identifikatsiyalash biometrik loyihasi ishga tushirildi. Bunda kaftingizni skaner ustiga tutasiz va tizim sizni identifikatsiya qiladi. Sizdan avtomatik tarzda to‘lov yechib olinadi.

Buning uchun ATTO dasturiga shaxsiy ma’lumotlarni kiritish zarur. Unda virtual karta ochib, pul mablag‘i bilan to‘ldiriladi. Shundan so‘ng to‘lov uchun kaftning o‘zi kifoya qiladi.

Mazkur yangilik Transport vazirligi va UZINFOCOM kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan.

ATTO to‘lov tizimi bosh mutaxassis Otabek Alimov bunday yangilik Facepay tizimi barcha metro bekatlarini 100 foiz qamrab olib, odamlar o‘rganib olganidan so‘nggina boshlanishini aytgandi. Biroq Facepay hozirgacha faqat “Buyuk ipak yo‘li” bekatida mavjudligicha qolmoqda.