30-noyabr kuni O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Karomidin Gadoyev Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurga yetib bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Karomidin Gadoyev 2018—2023-yillarda Kuala-Lumpurdagi diplomatik missiyaga rahbarlik qilgan Ravshan Usmanov o‘rnini egalladi.

Diplomat 1964-yilda Buxoro viloyati Kumushkent qishlog‘ida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) geografiya fakultetini tamomlagan. Geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi va birinchi darajali maslahatchi diplomatik martabasiga ega.

U 1995-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida, jumladan, markaziy apparatda, O‘zbekistonning NATOdagi missiyasi va Bryusseldagi elchixonada turli lavozimlarda ishlagan.

Shu kunga qadar TIVning BMT va boshqa xalqaro siyosiy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.