Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni kreditlash bo‘yicha ochiq elektron platforma ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatdagi 4,3 mln gektar sug‘oriladigan yerdan 30 foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bunday klaster va fermer xo‘jaliklarida suv 30−40 foizga, o‘g‘it va yoqilg‘i 25−30 foizga tejalishi bilan birga hosildorlik oshgan.

Lekin, suv yetkazish tannarxi juda qimmat bo‘lgan Qashqadaryoda bunday usulda sug‘oriladigan yerlar atigi 16 foizni tashkil etadi. Suv tejashda eng sodda agrotexnik tadbir bo‘lgan yerni lazerli tekislash ishlari ham yetarli emas va bunday maydonlar ulushi Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 10 foizdan kam.

“Buning sabablaridan biri — suv tejovchi texnologiyani joriy qilgan fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibi ishlamayapti. Shu bois yig‘ilishda bu bo‘yicha yangicha moliyalashtirish tizimi belgilandi. Unga ko‘ra, klaster va fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Buning uchun ochiq-oshkora platforma ishga tushiriladi. Ham bank bilan, ham ta’minotchilar bilan shartnoma elektron platforma orqali onlayn imzolanadi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Keyingi uch yilda ham qishloq xo‘jaligi texnikasining 15 foizi va lazerli tekislagichning 30 foizini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. 2026-yilgacha hamma ekin yerlari lazerli tekislanadi. 2026-yildan keyin lazerli tekislanmagan yerlarga nisbatan yer va suv soliqlari keskin oshiriladi.

Qayd etilishicha, hozirda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har 1 kubmetr suvga o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayapti. Lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda bu 2−3 barobar qimmatga tushmoqda. Shu bilan birga, suv xarajatining 63 foizi nasos stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, sug‘orish uchun yiliga 7 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi sarflanadi. Chunki suv nasoslarining 80 foizi eskirgan, energiya sarfi yuqori.

Prezident bu xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishning eng to‘g‘ri yo‘li nasoslarni modernizatsiya qilish va ularni boshqarishni xususiy sheriklikka berish ekanini ta’kidladi. Bu bo‘yicha bir nechta boshlangan loyiha ustidagi ishlarni jadallashtirib, xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida 95 ta nasos stansiyasini yangilash, 2024-yil boshida yana 118 tasi bo‘yicha tender e’lon qilish vazifasini berdi.

Hozirgacha xorijiy kompaniyalar 268 ta nasosni boshqaruvga olish tashabbusini bildirgan. Yig‘ilishda, yuqoridagi choralar orqali 2024-yilda nasoslarning elektr sarfini 300 mln kilovatt soatga, keyingi uch yilda esa 1,5 mlrd kilovatt soatga kamaytirish mumkinligi ta’kidlangan. Suv xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga, nasoslarni modernizatsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.